Qirg'iziston bank tizimida islomiy tamoyillar tatbiq etilmoqda

Iyul’ oyidan e’tiboran Qirg’iziston bank tizimida islomiy tamoyillar qo'llana boshladi.

Islom Taraqqiyot Banki (IDB) Qirg’izistondagi “Ekobank” bilan hamkorlikda bu yo’nalishda ilk loyihani amalga oshirishni rejalagan.

Prezident Qurmanbek Bakiyev fikricha islom dini va shariat asosida kredit ajratish nafaqat Qirg’izistondagi moliya institutlari, balki mintaqadagi boshqa tizimlar uchun ham o’rnak bo’ladi.

Islomiy banklar shariat asosida faoliyat yuritadigan muassasa bo’lib, bu kabi banklar arab davlatlarida, hozirgi kunda hatto AQSh va Yevropada ham rivojlanayotganini kuzatish mumkin.

Islomiy banklarda xaridorlarga berilayotgan qarzlar, bugungi til bilan aytsak, kreditlar uchun foiz, ya’ni, dinda sudxo’rlik deya qaytariladigan ribo’ olinmaydi. Aksincha, kredit olgan ishbilarmonlar foydalarini bank bilan bo’lashishlari mumkin.

Qirg’iziston Milliy Banki raisi Marat Alapayevning aytishicha, islomiy tamoyillar asosida qarz olishni istagan xaridor bank bilan shariatda mavjud axloqiy me’yorlar asosida munosabat quradi. Bu holatda, uningcha, Islomiy qoidalar asosida moliyalashtirish, odatdagi bank tizimidan farqlanadi.

Ayni paytda bu loyiha Qirg’izistondagi mahalliy “Ekobank” tomonidan amalga oshirilmoqda.

Milliy Bank raisi Marat Alapayevning aytishicha, natijalar haqida gapirishga hali erta. Chunki, deydi u, unchalik ko’p bo’lmagan miqdordagi mablag’ foizsiz kredit o’laroq ishbilarmonlarga berilgan. Natija hozircha ma’lum bo’lmagani sababli, qandaydir tahlil va xulosalar uchun vaqt yetarli.

“Balki yil oxirida xulosa chiqarish, [foizsiz kreditlar] uchun ehtiyoj bormi-yo’qligi to’g’risida gapirish mumkin bo’lar”, – deydi Milliy Bank raisi.

Uning aytishicha, Islom Taraqqiyot Banki bilan imzolangan memorandumda loyiha qachon tugashi haqida hech narsa deyilmagan. Shuning uchun, Qirg’izistonda aholiga foizsiz kreditlar ajratish loyihasini muddatsiz deyish mumkin.

Shariatga ko’ra, bank alkogol’ va tamaki mahsulotlari, qimorxona, cho’chqa go’shti, sug’urta va foizlar asosida foyda oladigan moliya shirkatlariga mablag’ ajratmaydi. Shuningdek, qurol va harbiy texnika ishlab chiqaruvchi hamda sotuvchilar ham Islomiy tamoyillar asosida kredit ola olmaydilar.

Bank sohasida shariat asosida xizmat ko’rsatish to’g’risidagi birinchi qonun 1984 yilda Malayziyada qabul qilingan.

Qirg’iziston Milliy Banki raisi Marat Alapayev mamlakatda Islomiy bank tizimi boshqa tizimlarga jiddiy raqobat tug’dirishi mumkinligiga ishonmaydi.

“Nima bo’lganda ham muqobil bo’lishi kerak. Biz bu loyihaga aholi uchun bank xizmatlari doirasining kengayishi sifatida qaraymiz. Masalan, kimgadir din va axloqiy me’yorlar foiz bilan pul olish yoki berishga yo’l qo’ymasa, u Islomiy moliya tizimidan foydalanishi mumkin. Men fuqarolarda muqobil usul bo’lishi kerak deb o’ylayman”, – deydi u.