Kuzatuvchilarga ko`ra, O’zbekistonda xalqni qiynayotgan asosiy muammo bu iqtisodiy ahvolning og’irligi. Ayniqsa, oziq-ovqat narxi ko’tarilayotganidan xalq juda norozi.
Viloyatdagi fuqarolardan biriga ko`ra narx-navo ko`tarailishidan tashqari keskin taqchillik ham kuzatilmoqda.
“[Mahsulot] yo`q. Odamlarga qiyin. O`zbekiston unini bozorda 500-600 so`mga sotyapti. Magazinda 270 so`m ekan, 320 so`mdan sotayapti. Oq yog` (paxta yog`i) ham magazinga kelmayapti. Naxi litriga 2,5 mingga chiqib ketdi. Bizni mahallada 2100 odam bo`lsa, olib kelingan yog' 500 odamga ham tegmagan”, - deydi u.
Bozorlarda Qozog'iston uni bor, lekin oliy navli unning bir qopi 54 ming so`mgacha ko`tarilib ketgan. Oddiy aholi cho'ntagi buni ko`tarmaydi.
Buxorolik kuzatuvchilardan biri un bahosi ko`tarilishi sababini davlat monopoliyasiga kiruvchi un kombinatlaridan bug`doy chiqarilmayotganligida ko`radi.
“Xusisiy korxonalarda esa bug'doy yo`q. Oq yog` ham shunday, inkassasiya tartibi joriy qilingandan keyin bitta rayondagi o`nta magazin ro`yxatdan o`tadi. Faqat ularga oq yog' beriladi.10 odam bir-biri bilan kelishadi",- deydi sharhlovchi.
"Avval dehqonga yetiishtirgan paxtasi hisobiga moy berardi, kunjara berardi. Hozir prezident buyrug`i bilan hammasini birjaga chiqarib yubordi. Dehqon tekinga yetishtirib bergan paxtasi uchun faqat 300 so'm pul oladi”.
Uning aytishicha, prezident farmonining o`zi ham narx-navoni ko`tarib yuborgan. Bunday tashqari yog` zavodlari ham mahsulotni yetarli miqdorda chiqarmayapti.
“Kam bo`lsa narx ko`tariladi, chetdan olib kirishga esa qo`ymayapti. Bojxona to`lovlari katta. Narx ko`tarildimi, chetdan olib kirish kerak edi. Lekin bular moyni shu narxda sotishni ma`qul ko`rayapti ”, - deydi yana bir kuzatuvchi.
Mamlakatda narx-navo prezident Islom Karimovning avgust oyidan boshlab ish haqlarini 25 foizga ko`tarish to`g`risidagi farmonidan so`ng oshgan.
Hozirgacha ayrim oziq-ovqat mahsulortlari narxi ikki barobarga ko`tarilgan.
Mahalliy matbuotda oziq- ovqat bahosining ko`tarilishi yoki taqchilligi haqida hech gap yo'q. Televideniye, radio va gazetalarda asosiy urg`u mustaqillik tantanalariga va aholining "hukumatdan naqadar mamnun" ekanligiga berilmoqda.