Yevropa Ittifoqi va Turkmaniston o`rtasida gaz savdosi bo`yicha imzolangan memorandum, sharhlovchilar nazarida, mintaqa uchun qator yangi imkoniyatlar yaratadi.
Uzoq yillardan beri jahonga yopiq turgan Turkmaniston prezidenti Qurbonguli Berdimuhammedov davlatini xalqaro sahnada qayta tanishtirmoqchi.
Yevropa Ittifoqi va Turkmaniston o`rtasida gaz savdosi yuzasidan hamkorlik bitimining imzolanishi bu borada qo’yilgan muhim qadam deydi u.
Yevropaga safar qilgan Bedimuhammedovning aytishicha Turkmaniston energetika savdosi bo`yicha hamma bilan teng siyosat yuritishga tayyor.
Yevropa Ittifoqi va Turkmaniston o’rtasidagi bitimga ko’ra yangi gaz quvurlari Rossiyani chetlab o`tadi.
Maqsad mintaqa energetika zahiralarini jahon bozoriga chiqarishda Rossiya monopoliyasiga tobe bo’lmaslik.
Rossiya turkman gazining har ming kubometri uchun 100 dollar to’lasa, ayrim ma`lumotlarga ko`ra, Yevropaga to’g`ri eksport qilinganda bu baho 300 dollargacha ko`tarilishi mumkin.
Sharhlovchi Toshpo`lat Yo`ldoshev fikricha Turkmaniston tashqi siyosati o`zgarar ekan, mintaqadagi siyosiy manzara ham yangilanmoqda.
O’zbekiston mintaqada yakkalanib qolmoqda deydi u.
“Turkmaniston prezidenti ashaddiy diktatorlik siyosatidan voz kechganligi boshqa mamlakatlarga, shu jumladan, O`zbekiston rahbariyatiga ham o`z ta`sirini o`tkazadi”,- deydi u.
Yo’ldoshev nazarida O`zbekiston Markaziy Osiyoda siyosiy jihatdan xalqaro tanqidlarga nishon bo`lib qolayotgan yagona davlat.
Lekin boshqa kuzatuvchilar fikricha Turkmanistonda Saparmurod Niyozov o'limidan keyin inson huquqlari yoki so`z erkinligi bobida ijobiy o`zgarishlar bo'ldi deyish qiyin.
Toshpo’lat Yo’ldoshev talqinicha rasmiy Ashgabat vaziyatni yaxshilash uchun harakat qilmoqda.
“Yevropa Ittifoqi bilan umuminsoniy qadriyatlar bo`yicha hamkorlikka tayyorligini bildirdi. Qamoqlarda yotgan siyosiy mahbuslarning bir munchasini ozod qildi. Qolganlarini ham ozod qilishga va’da berganday... Bular albatta demokratik tamoyillar, umuminsoniy qadriyatlar uchun qo`yilgan kichikroq qadamlar”, - deydi tahlilchi.
Turkmaniston Mustaqil Davlat Hamdo’stligining kelasi uchrashuviga mezbonlik qilish niyatida. Shuningdek, Turkmaniston qo`shni davlatlar bilan aloqalarini tiklashga kirishgan.
Sharhlovchi Farxod Tolipov Turkmaniston siyosatining faollashishi mintaqa uchun strategik yutuq deydi.
“Mintaqaning to`rt davlati Turkmanistonsiz mintaqa integratsiyasi bo`yicha qator urinishlar qilib ko`rdi”.
Agar endi shu jarayonlarga Turkmaniston qo`shila olsa, balki biror muvaffaqqiyatga erishib bo’ladi deydi siyosatshunos.
Siyosatshunoslar ta’biricha Turkmaniston Qozog’iston izidan ketsa, ya’ni tashqi siyosatini amaliy ruhda olg’a surishda davom etsa, mintaqa iqtisodiyoti uchun katta hissa qo’sha oladi.