Aksariyat tahlilchilar nazarida AQSh dollarining qadrsizlanishi bilan uning jahonning eng kuchli valyutasi degan nufuzi yo’qolib bormoqda.
Bir qator davlatlar, jumladan Fors Ko’rfazidagilar dollarga muqobil valyuta izlashga tushgan. Biroq boshqa mutaxassislarga ko’ra, AQSh dollari hali uzoq vaqt davomida asosiy valyuta zahirasi sifatida saqlanib turadi.
O’tgan yil sentyabr oyida Saudiya Arabistoni milliy valyutasi rialni dollarga ortiq bog’lay olmasligi haqida xabarlar tarqalgach, jahon bo’ylab dollar qiymati tushib ketdi.
Neftga boy Quvayt pul birligi dinorning dollarga bog’liqligini bekor qilib ayni damda kuchliroq valyuta izlamoqda. Birlashgan Arab Amirliklari va Qatar ham tez orada shunday qilishini aytgan.
Mutaxassislar fikricha, mintaqadagi aksariyat davlatlar katta dollar jamg’armasiga ega bo’lgani uchun, moliya tizimidagi o’zgarishlar dollarni yanada zaiflashtirishi mumkin.
Mahalliy valyutani AQSh dollariga ayirboshlash mintaqada ko’p yillar avval boshlangan. Buning evaziga mintaqa davlatlarining valyutalariga ishonch kuchaygan.
Mutaxassislar fikricha, AQSh moliyaviy siyosati bu davlatlar talabiga javob bermay qo’ygan. Neft narxining so’nggi besh yil davomida to’rt baravar ko’tarilishi oqibatida iqtisodiyoti gurkiragan bu davlatlar inflyatsiyaga qarshi kurashish uchun foiz stavkalarini ko’tarishga majbur.
Deyvid Teylor Britaniyadagi Oksford Analitika xususiy kompaniyasida Yaqin Sharq bo’yicha ekspert vazifasini bajaradi.
”AQSh dollari qiymatining tushishi va foiz stavkalarining kamaytirilishi AQSh iqtisodiyotiga xos narsa, biroq Forz Ko’rfazi davlatlari iqtisodiy jarayoniga emas”, - deydi Teylor.
Xalqaro Valyuta Jamg’armasiga ko’ra, aksariyat mintaqa davlatlarida yuqori sur’atli inflyatsiya kuzatilmoqda.
Ekspert Deyvid Teylorning aytishicha, mintaqa davlatlarida valyutasini dollarga bo’gliqligini qoldirish uchun yetarlicha siyosiy va iqtisodiy sabablar bor. Masalan, Saudiya Arabistoni o’zining chetda dollarda qilingan sarmoyalarini himoya qilmoqchi.
Merilend universiteti professori Piter Morichi gapiradi.
”Saudiya Arabistonida aholi zich yashamaydi, mamlakat o’zini to’liq himoya qila olmaydi. Shu sabab qirol oilasi AQShni o’z xavfsizligi kafolati deb biladi”.
Amerika iqtisodiyoti jahonni o’z ketidan yetaklovchi lokomotivga o’xshaydi, deydi Morichi.
”AQSh iqtisodiyotidagi muammolar ketidan Osiyo bozorlari xavotirga tushmoqda. Jahon bo’ylab katta sarmoya qilgan kompaniyalarni Amerika iqtisodiyotining hozirgi ahvoli tashvishlantirmoqda. Bu esa uning global ahamiyatidan darak”, - deydi u.
Vashingtondagi Amerika taraqqiyoti markazi tashkilotining xalqaro moliya bo’yicha mutaxassisi Kristian Veller nazarida neftga boy davlatlar dollardan kuchliroq valyuta izlamoqda, biroq hozircha dollarga munosib boshqa pul birligi yo’q.
"Buning uchun ular ochiq va katta moliya bozori, moliya tizimi bor davlatga sarmoya kiritishi kerak. Xitoy va Hindistonni bunday davlatlar qatoriga qo’shib bo’lmaydi. Ularning moliyaviy bozori juda kichik, to’siqlar esa ko’p. Yevroni oladigan bo’lsak, mulkni yevroga Germaniya, Italiya, Daniyada sotib olish mumkin, biroq umumiy yevro bozori yo’q".
AQShnikidan yaxshiroq bozor hozircha mavjud emas, deya xulosa qiladi Kristian Veller.
Vashingtondagi Gudzon Instituti xodimi, iqtisodchi Irvin Stelserning aytishicha, AQSh iqtisodiyotidagi sustlikka barham bera oladi.
”Biz moliyaviy siyosatimizni boshqarishni o’rganib oldik. Iqtisodiyot yangi sharoitga tez moslanuvchan xususiyatga ega. AQShda kapital bir joyda turmaydi”, - deydi u.