Turkmaniston prezidenti Qurbonguli Berdimuhammedov O`zbekistonga tashrif buyurgan.
Har ikki davlat rasmiylari nazarida Turkmaniston-O`zbekiston aloqalarining yangi sahifasi ochilmoqda.
“Do’rmon” qarorgohida o`tgan muzokaralar yakunida Berdimuhammedov prezident Islom Karimov qo`shma bayonot, o’zaro hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirish bitimini ratifikatsiya qilishga oid hujjat imzolagan. Shuningdek, vazirliklar o`rtasida ham bir nechta bitimlarga qo’l qo’yilgan.
Sharhlovchi Komron Aliyev qardosh xalqlar o`rtasidagi ziddiyatli davr tugadi deydi.
“2000-yillar boshida Turkmanboshiga uyushtirilgan suiqasddan keyin aloqalar sovuq urush darajasiga kelgan edi. Berdumuhammedov davlat tepasiga kelgach, bu noxush munosabatlarni yaxshilashga imkoniyat tug`ildi. Berdimuhammedov davrida Turkmanistondagi o`zbeklarga nisbatan munosabat yaxshilanadi, o`zbek maktablari qayta ochiladi va O’zbekiston fuqarolaridan viza olish haqlari bekor qilinadi yoki kamaytiriladi degan umid bor”, - deydi Aliyev.
Tahlilchilarga ko`ra aloqalar rivojiga nafaqat Turkmanistonda davlat rahbari o`zgarishi, balki energetik resurslar borasidagi loyihalar ham turtki bo`lmoqda.
Turkmaniston gazini hozirgacha Rossiya sotib oladi va Yevropaga bir qadar yuqori narxlarda sotadi. Turkmaniston Xitoy bilan, shuningdek Rossiya va Qozog`iston ishtirokida gaz yo`nalishlarini kengaytirish bo`yicha shartnoma imzolagan. Bu loyihalarda O`zbekiston ishtiroki ham nazarda tutilgan.
“Rossiya Turkmaniston gazini 100 foizini o`zidan o`tqazadi. Yevropaga uzatilayotgan gaz yo`llarini ham nazorat qiladi",- deydi Komron Aliyev.
"Turkmaniston gazni faqat Rossiyaga sotib yiliga bir milliard dollar atrofida zarar ko`radi. Yevropa esa bu gazning har ming kubometrini 300 dollardan olishga ham rozi bo`lib turibdi”.
Siyosiy faol Abdurahmon Tashanov fikricha Turkmaniston bugun siyosiy-iqtisodiy jihatdan G’arb tomon yo’nalmoqda.
“O`zbekistonda ham keyingi paytda oz bo`lsada Rossiyadan uzoqlashish harakati kuzatiladi. Energetik resurslar xaridori agar G`arb dunyosi bo`ladigan bo`lsa, O`zbekiston va Turkmaniston bir-biriga yaqinlashishga majbur”, - deydi Tashanov.
Berdimuhammedov tashrifining ikkinchi kunini Samarqandda o`tkazadi. Turkmaniston prezidenti qadimiy yodgorliklar ziyoratidan tashqari Samarqanddagi “Samko`chavto” zavodida ham bo`ladi.
Turkmaniston bu zavod mahsulotlariga qiziqish bildirgan va buyurtma berishi mumkin.