Turkiy davlatlar parlament assambleyasini yaratish taklifi Turkmaniston va O`zbekiston tufayli amalga oshmasligi mumkin.
Ozarbayjon, Turkiya, Qozog`iston va Qirg`iziston turkiy davlatlar parlament assableyasini tuzish g`oyasini qo`llab-quvvatlamoqda.
Turkmaniston esa neytrallik pozitsiyasidan voz kechgisi yo’q. O`zbekiston ham integratsiya tashabbusiga ro’y-xush bermayapti.
Ozarbayjon matbuotida yozilishicha, Turkmaniston va O`zbekistonni turkiy davlatlar parlament assambleyasiga jalb etiish maqsadida qo`shimcha muzokaralar rejalangan.
Trend.az agentligi xabariga ko`ra, muzokaralar Turkiya parlametni raisi o`rinbosarining mintaqaga safari davomida amalga oshishi kerak.
Turkmaniston va O`zbekiston nima sababdan assambleyaga qo`shilmayotgani hozircha noma`lum.
Parlament assambleyasi yilda bir marta yig`iladi, davlatlar o`rtasidagi iqtisodiy, siyosiy va madaniy aloqalarni ko`rib chiqadi. Assambleyada har bir davlatdan yetti nafardan deputat bo`lishi belgilangan.
O`zbekiston rasmiy doiralarida nafaqat turkiy davlatlar integratsiyasi, balki mintaqa miqyosidagi integratsion jarayonlar to`g`risida ham munosabat bildirilmaydi.
Sharhlovchilar esa bu borada turli fikrda:
“Turkiy xalqlar assambleyasida ilm-fan, madaniyat sohasida hamkorlik qilish mumkin, ammo siyosiy, mafkuraviy doktorina atrofida jipslashish mavridi emas. Iqtisodiy aloqalar ikki tomonlama munosabatlar yordamida ham rivojlanaveradi. Umuman, parlament assambleyasi tuzishdan avval bugun bunday tashkilotga qanchalik ehtiyoj borligini ham o`rganib chiqish kerak. Faqat davlat rahbarlari roziligi bilan tuzish qiyin bo`lsa kerak”, - deydi siyosiy sharhlovchi Muqimjon Qirg`izboyev.
Ayrim sharhlovchilar nazarida O`zbekiston tashqi siyosatida ko`proq bir yoqlama munosabatlarga tayanish kuchli. Bu esa rasmiy Toshkentning tashqi siyosatdagi harakatlarini cheklab qo`ygan.
Shuningdek,mintaqa yetakchiligi uchun kurash Qozo`giston foydasiga hal bo’lgani ham rasmiy Toshkentning pozitsiyasida aks etgan degan qarashlar mavjud.
Turkiy davlatlar parlamentini tuzish Qozog`iston tomonidan ko`tarilgan tashabbus.
O`zbekiston demokratik muxolifati fahriylaridan, hofiz Dadaxon Hasanning aytishicha, dunyo miqyosida birlashishlar kuzatilayotgan bir paytda turkiy davlatlar birligi allaqachonlar tuzilishi lozim edi.
“Shunday assambleya tuziladigan bo`lsa, bu siyosiy, iqtisodiy va madaniy jihatdan turk xalqarini yaqinlashtirishda katta foyda beradi. Butun dunyoda birlashuv ketayapti - Yevropa Ittifoqi, Yevrosiyo ittifoqi… Turkchilik uchun kurashganlarni panturkist deyishgan sovet davrida, qamashgan, qarshilik qilishgan. Bu g`oyaga hozir ham qarshilik davom etayapti, qarshilik bor ekan g`oya rivojlanmaydi. Mintaqa davlatlari bir-biriga bog’liq, aloqalarni rivojlantirish uchun turkiy birlik kerak. Rahbarlar buni xohlamayapti. G`oyaning dushmanlari ko`p”, - deydi Dadaxon Hasan.
Turkiy birlik Turkistonda XIX asrdan boshlab mavjud. XX asr boshlarida bu g`oya uchun kurashgan ziyolilar mustaqillikni qo`lga kiritgan mintaqa davlatlarida milliy qahramonlar sifatida e`tirof etildi.
O`zbekistonda Abdulla Avloniy, Fitrat, Cho`lpon, Qozog`istonda Mustafo Cho`qay, Qirg`izistonda Qurbonjon Dodho va yana boshqa ko`plab fidoiylar.
Bugun ular xotirasi abadiylashtirilgan, biroq ular jon tikkan g`oya hamon amalga oshmadi.
Ob’yektiv sabablar sifatida Turkistondagi chor Rossiyasi bosqini, keyinchalik sobiq ittifoq mustamlakasi keltiriladi. Turkiy davlatlarning mustaqilikdan keyingi davri esa ko`proq sub’yektiv sabablarga, davlat rahbarlarining ambitsiyalariga bog’lanib qolgani ta`kidlanadi.