Tojikiston matbuoti yosh va o'tkir jurnalistlarga muhtoj

Tojikistonda hozir mingdan ziyod davlat va nodavlat gazeta-jurnallari faoliyat ko’rsatmoqda. Lekin mutaxassislarning aytishicha, respublikada chop etilayotgan nashrlarning umumiy adadi 500 mingga ham bormaydi.

Tojikiston Demokratik partiyasi sobiq faollaridan biri Ismoil Barakayev fikriga ko’ra, matbuot hukumat nazoratida ekan, so’z erkinligi bo’lmaydi. Uning aytishicha, hukumat nazoratida bo’lgan matbuotda odamlar o’z fikrlarini ochiq bayon eta olmaydi.

“Men bizda ham matbut Ga’rbdagi singari erkin, haqiqiy to’rtinchi hukumat maqomini olishini xohlardim, mana shunda jamiyatning rivojlanishi yaxshi bo’lardi,” - deydi Barakayev.

Amerikada tahsil olayotgan tojik studenti Mirbarot Hoshimov Tojikiston matbuotini G’arbga taqqoslar ekan, jumhuriyatda konstitutsiyada ko’rsatilgan matbuot erkinligi faqat qog’ozdagina deb hisoblaydi.

“Matbuot, so’z erkinligi men o’qiyotgan AQShda bor. Markaziy Osiyo miqyosida esa Qirg’iziston va Qozog’istonda bor. O’zbekistonda va ayniqsa Tojikistonda menimcha matbuot erkinligi yo’q. Bu yerda yaxshi gazetalarni yo’q qilishadi. O’zbekistondan kelayotgan gazetalarni qo’yishmaydi. Agar birorta jurnalist zo’r mavzu ko’tarib chiqsa, yozgani qo’yishmaydi. Menimcha OAV, so’z erkinligi konstitutsiyamizda ko’rsatilgan bo’lsa-da, hayotda buni umuman ko’rmaymiz,” - deydi Hoshimov.

So’g’d viloyat hukumatining “So’g’d haqiqati” gazetasi bosh muharriri Abdurasul Habibov jurnalistlar moddiy jihatdan juda nochor, bu esa ijodga ta’sir qiladi deydi.

“Masalan, 1990 yilda nohiya nashri jurnalistlari o’rtacha 180 so’m haq olgan bo’lsalar, bugungi kunda ularning oylik ish haqi 30 dollarga yetmaydi. Boshqacha qilib aytganda, nohiya jurnalistlarining moliyaviy ahvoli qariyb 30 baravar yomonlashdi. Ulardan yana nimani kutish mumkin”? - deydi Habibov.

Tojikistonlik professor Karim Abdulovning fikricha, Tojikistonda qanday nashr bo’lishidan qat’iy nazar hukumat tarafida turishi kerak.

“Gazeta muammolarni yoritishni o’rganishi lozim. Qanday nashr bo’lishidan qat’iy nazar ichki va tashqi siyosat hukumat qabul qilgan qonun va qarorlar doirasida yoritilishini joriy etmoq kerak”, - deb hisoblaydi olim Abdulov.

Xo’jandlik o’zbek yozuvchisi O’rinboy Usmon Tojikistonda mutaxassislarning yetishmasligi va mohir jurnalistlarning keksayib borayotgani, yoshlarning esa uquvsizligi ham matbuot saviyasiga ta’sir o’tkazayotganini aytadi.

Uning so’zlariga ko’ra, universitetni bitirayotgan yosh jurnalistlardan birortasi viloyat gazetalariga ishga bormagan.

“Viloyat gazetalarida ishlayotgan odamlarning barchasi, texnik xodimlarni aytmasak, 50 yoshlar atrofida. Jurnalistikani bitirayotganlar bilan suhbatlashsangiz, ularni hali yana 10-15 yil o’qitish kerakligini tushunasiz,” - deydi yozuvchi O'rinboy Usmon.

Katta qiziqish bilan o’qiladigan ammo Tojikistonda onda-sonda yashirincha ko’rinib qoladigan “Charog’i ro’z” nomli gazeta singari nashrlar esa tojik olimlari fikricha Amerika va Londonda yashayotgan tojik korchalonlari orasidagina tarqatilishga arziydi.
Lekin bunday mulohazalarga oddiy gazetxonlar qo’shilmaydi. Ba’zi o’zbek gazetxonlari Tojikistonda matbuot erkinligi so’nggi yillarda millatchilik tomon yuz tutayotganligini ta’kidlaydi.