O`zbekiston qadim obidalari va madaniyati bilan qanchalik faxrlanmasin, deydi ayrim sharhlovchilar, uni jahonga ko'z-ko'z qilish va mo'may daromad olish uchun o'z turizm sektorini rivojlantira olmayapti.
"O`zbekturizm" kompaniyasi nazarida esa xorijlik sayyohlarning O`zbekistonga qiziqishi tobora ortib bormoqda. Biroq mamlakatda turizm tizimini yaratish uchun karra sarmoya talab qilinadi.
“O`zbekturizm” rais o`rinbosari Alisher Shamsiyevning sayyohlik xizmati ko`rsatuvchi tashkilotlar forumida aytishicha, bu yil chet eldan bir millionga yaqin turist kelishi kutilmoqda. Ularni yaxshiroq kutib olish uchun esa mablag’ kerak.
“O`zbekistondan va xorijdan sarmoyalar jalb qilish muhim. Bir million sayyohni qabul qilish, albatta, infratuzilmani rivojlantirishni talab qiladi. Toshkent- Samarqand, Samarqand – Buxoro, Termez – Shahrizabz o`rtasida infratuzilmani yaxshilash kerak. AQSh va boshqa davaltlardan sarmoya jalb qilish yo`li bilan kichik mehmonxonalar qurilishi bo`yicha ham ancha ishlar qilingan”, - deydi Alisher Shamsiyev.
Sayyohlar asosan musulmon davlatlaridan va Yaponiya, Germaniya, Fransiya va AQShdan keladi.
Mamlakatni dunyo miqyosida asosan O`zbekiston havo yo`llari reklama qiladi.
Mutaxassislar fikricha sayyohlik tizimini rivojlantirish uchun avvalo viza tizimini bekor qilish kerak. O`zbekiston hatto ayrim qo`shni davlat fuqarolaridan ham viza talab qiladi.
Sayyohlik xizmati ko`rsatuvchi firma vakillaridan biri reklama va targ`ibot oqsamoqda deydi. Shuningdek, viza tartibini yengillashtirilish ham sayyohlar sonini ko`paytirgan bo’lar edi.
“Deylik, sayyoh O`zbekistonga shu ikki- uch kun orasida kelmoqchi. Viza olish tartibi ancha uzun”, - deydi u.
Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasida madaniyat va turizm bo`yicha maslahatchi Erdog`an To`lanning aytishicha uning yurtdoshlari O`zbekistonga viza olish uchun bir oy kutadi. Bu jarayon osonlashsa, deydi u, Turkiyadan sayyohlar oqimi kengayishi turgan gap.
Turkiya, shuningdek, O`zbekistonga sayyohlik tizimini rejalashtirish, infratuzilmani tashkil qilishda texnik yordam ko`rsatishga tayyor ekanini bildirgan.
Turkiya mintaqa davlatlari, jumladan O`zbekiston bilan viza tartibini bir tomonlama bekor qilgan.
“O`zbekturizm” raisi o`rinbosari Alisher Shamsiyev fikricha yaqin orada respublikada bu borada o’zgarishlar bo’lishi tabiiy.
“Viza olish AQSh va boshqa G`arb davlatlari fuqarolari uchun muammo emas. Hozir tashqaridan kelayotgan sayyohlar soni, ularni yuborayotgan davlatlar talabiga qarab, hukumatimiz viza siyosatini o`zgartirish haqida o`ylayapti”, - deydi Alisher Shamsiyev.