Rossiyadagi ishchi migrantlar saviyasi ularga pand bermoqda

Rossiyada turli hisoblarga ko’ra, 7-10 million atrofida muhojir bor. Ular asosan Kavkaz va Markaziy Osiyodan keladi. Ayniqsa O’zbekistondan Rossiyaga ish qidirib borayotganlar ko’p. Aksariyati qora ishda ishlaydi, huquqiy himoyaga muhtoj, millatchi guruhlar hujumlariga uchrab turadi.

Ayrim o’zbekistonliklar nazarida bunga ba’zi hollarda ishchi migrantlarning o’zi aybdor. Ular rus tilini bilmaydi, O'zbekistonda lotin alifbosida ta'lim olgani uchun kiril alifbosini o'qiy olmaydi, Rossiyaga hunarsiz kelib, yuk tashish, quruvchilik, farroshlik kabi qora ishlarni bajarishga majbur bo'ladi.

Bundan tashqari, deydi migrantlar, ba'zi o'zbekistonliklar tartibga rioya qilmaydi, bu esa shovinist va millatchi guruhlarga yaxshi bahona bo’lib natijada ular Markaziy Osiyo va Kavkaz vakillariga nisbatan zo’ravonlik qiladi.

Migrantlar nazarida o’zbekistonliklar mamlakatidagi ishsizlik, turmushning og’irligi tufayli, qo’shni respublikalardan Rossiyaga kelsa, O’zbekistonda uzoq vaqt yashagan o’zbeklar esa fuqarolikni olish Rossiyada O’zbekistonga qaraganda oson bo’lgani uchun Rossiyaga boradi.

Matbuotda muhojirlar kamsilitishi haqidagi xabarlarga qaramay, bilimi bor o’zbek hayotini yaxshilash uchun o’z yurtidan ko’ra Rossiyada imkoniyati ko’proq, deydi ular.

"Rossiyada yaxshi ish ko'p. Buning uchun Internetga kirib, ularni qidirish kifoya. Biroq Rossiyaga kelayotgan aksariyat o'zbekistonliklar saviyasi past, bilimi yo'q. Internet bilan ishlashni bilmaydi. Yuk ko'tarishdan boshqa ishga yaramaydi," deydi olti oy burun Rossiyaga kelgan Nodirbek ismli yigit.

Millatlar va demografiya muammolari bilan shug’ullanuvchi amerikalik mutaxassis Pol Goblning aytishicha, Rossiya hukumati qiyin ahvolga tushib qolgan.

"Bir tomondan," deydi mutaxassis, "Rossiyaning rus millatiga mansub aholisi yiliga bir millionga kamaymoqda. Iqtisodiyot tushkunlikka tushmasligi uchun xorijiy ishchilarga darvozani ochib berish kerak. Ammo boshqa tomondan hukumat migrantlarning ko’payishi uzoq muddatda ruslarni ozchilik guruhga aylantirib qo’yishidan xavotirda."

Pol Goblning aytishicha, shu sabab hukumat shovinist guruhlar harakatiga ko’z yumishga majbur. Migrantlar hukumatlari esa bu borada Rossiyaga e’tiroz bildira olmaydi.

"O’zbekistonni oladigan bo’lsak," deydi Pol Gobl, "Rossiyadagi o’zbeklar huquqlarini himoya qilish bilan rasmiy Toshkent tanqidni yoqtirmaydigan Kremlni g’azablantirishi, bu esa Rossiyani migrantlar oqimini cheklab qo’yishga majburlashi mumkin. Natijada migrantlar yuborayotgan pul hisobiga o’zini tutib turgan O’zbekiston iqtisodiyoti tushkunlikka tushishi mumkin."