"Maxsus Olimpiyachilar" - aqlan zaif bolalar uchun najot manbai

Jahon sportchilari avgust oyida Pekinda o’tadigan Yozgi Olimpiya o’yinlariga tayyorlanmoqda. Undan keyin esa Paralimpiya o’yinlari o’tadi – jismoniy salohiyati cheklangan sportchilar uchun musobaqa.

Bundan 40 yil oldin “Maxsus Olimpiyachilar” degan tashkilotga asos solingan edi. Maqsad aqlan zaif bolalar va kattalarga sport bilan shug’ullanishga imkon berish.

Mashg’ulotlarni Yunis Kennedi Shrayver nomli jamg’arma moliyaviy quvvatlab keladi.

“Har kim qatnashish, kurashish va yuksalish huquqiga ega degan shior ostida ish yurituvchi bu fond xalqaro miqyosda ishlashga urinmoqda.

“Maxsus Olimpiyachilar” tashkilotiga ikki-yarim millionga yaqin atletikachi a’zo va 180 mamlakatda o’z vakolatxonasiga ega.

Mariya Belikova “Maxsus Olimpiyachilar” tashkilotining Qozog’istondagi vakili. Bu yil AQShning Texas shtatida bo’lib o’tayotgan o’quv mashg’ulotlarida qatnashish uchun Yunis Kennedi Shrayver nomidagi stipendiyani qo’lga kiritdi.

“Tashkilot aqlan zaif, rivojlanmagan bolalarga sport orqali jismoniy salohiyatini yaxshilash, musobaqa va tadbirlarda ishtirok etish, dunyo bo’ylab do’stlar ortirish imkonini beradi”.

Maxsus Olimpiyadada 20 dan ortiq sport turlari bo’yicha musobaqalar tashkil etiladi.

“Qozog’istonda shulardan 18 sporti bo’yicha bellashish mumkin. Ham qishki, ham yozgi sport o’yinlari bo’yicha. Tashkilotga a’zo har bir mamlakat nogiron bolalarga g’amxo’rlik qilish maqsadida har yili turli o’yinlar uyushtiradi. Har ikki yilda esa umumjahon musobaqalari o’tkaziladi. Yaqinda shulardan biri Xitoyda bo’lib o’tdi”.

Maxsus Olimpiyachilar nodavlat tashkilot bo’lgani sabab, mablag’ni xayriya fondlaridan oladi va homiylar ko’magiga tayanadi, deydi Mariya Belikova.

“Qozog’istonda, masalan, homiylarni qidirishda barcha vositalar ishga solinadi. Telefon orqali gaplashamiz; xatlar yuborib, faoliyatimiz haqida batafsil ma’lumot berishga harakat qilamiz. Ma’qul topishsha, bizga moddiy yordam ajratishadi”.

Maxsus Olimpiya o’yinlarida kimlar ishtirok etishi mumkin, qanday shartlar asosida?

“Aqliy qobiliyati sust bo’lgan har qanday kishi, yettidan-yetmish yoshgacha bo’lsin, tashkilotga a’zo bo’lishi mumkin. Biroq musobaqalarda faqat sakkiz yoshdan qatnashish mumkin. Kichik yoshdagilar va o’zi harakatlana olmaydigan bolalar uchun ham musobaqalar bor. Kasali og’ir kishilar uchun maxsus musobaqalar ishlab chiqilgan. Masalan, oddiy sharni siqish yoki uloqtirish… Bu ulardan katta mehnat talab qiladi, ammo zavqi cheksiz”.

Atletlarimizni, deydi Mariya Belikova, yosh va chaqqon ko’ngillilar tayyorlaydi.

“Murabbiylar hech qanday haq olmasdan bolalarimiz bilan mashg’ulotlar o’tkazishga rozi. Sport turiga qarab, ma’lum jadval asosida kuni va mehnatini ayamaydigan trenerlar bor. Ular sportchi qobiliyatini baholaydi va musobaqalarga saralab beradi”.

Maxsus Olimpiya o’yinlarining hamma uchun manzur tomoni shundaki o’yinlarda mag’lub bo’lganlar yo’q, deydi Mariya Belikova.

“Har bir qatnashchi medal va sovrin bilan taqdirlanadi. Maqsad eng zo’r sportchini aniqlash emas, balki qatnashchida “men ham qila olaman”,- degan ishonchni uyg’otish”.

Masha Belikova, shu yilning iyul oyida Texasdagi o’qishini yakunlagach O’zbekistonga yo’l oladi. Toshkentda Global Yoshlar Sammitida so’zlaydi.

“Asosiy mavzu aqlan zaif bolalarning jamiyatdagi o’rni. Ularga bo’lgan munosabat, kamsitilish va tahqirlanish hollarini ko’tarib chiqamiz”.

O’zbekistonda ham “Maxsus Olimpiyachilar” o’z vakolatxonasiga ega. Tashkilot hukumat tomonidan quvvatlanadi va faxriy prezidenti - O’zbekiston bosh vaziri o’rinbosari Svetlana Inamovadir. Maxsus olimpiyachilar musobaqalari O’zbekiston bo’ylab har yili may-iyun oylarida o’tadi. “Maxsus Olimpiyachilar” dasturi haqida batafsil ma’lumotlar: www.specialolympics.org