Qadim Baqtriya va Kushon madaniyati G'arbda ko'z-ko'z qilinmoqda

2001 yilning bahorida Afg’onistonning Bomiyon viloyatida ulkan budda haykallar Tolibon tomonidan portlatilib, vayron qilinganida xalqaro hamjamiyat hech narsa qila olmagan.

Buddalarning qulatilgani nafaqat afg’on, balki jahon madaniyati tarixidagi katta fojia deya tilga olinadi.

San’at va ijodkorlikni qoralagan Tolibon, shuningdek, afg’on muzeylarini ham yakson qilgan.

Uzoq yillik urushlar va tarqoqlik davrida bir amallab saqlanib qolingan ayrim durdonalar, Afg’onistonning qonli, ammo boy tarixini aks ettirgan eksponatlar bugun AQShda ko’rgazmada.

“Bu mo’jizakor asarlarni namoyish etish biz uchun faxr",- deydi Vashingtondagi San'at Galereyasi rahbari Erl Pauel.

"San’at bu - madaniyat ko’zgusi. Ishonamanki, ko’rgazma barchaning diqqatini Afg’onistonning shu kungacha tanilmagan tomonlariga qaratadi”.

200 dan ortiq eksponat ikki-yarim ming yillik tarixdan darak beradi. Bronza davridan Kushon podsholigi gullab yashnagan davrlargacha. Qadim ipak yo’li bo’ylab qatnagan karvonlar, ular qoldirgan nishonalar…

Ko’rgazmada ko’rsatilayotgan hujjatli film esa bu san’at namunalarini bizning davrga yetkazgan suronli voqealar haqida hikoya qiladi.

Afg’oniston davlat muzeyi xodimlari ularni asrash uchun uzoq yillar davomida hayotini xavf ostiga qo’yib kelgan.

Prezident koshonasida yashirilgan ushbu xazina talon-taroj bo’lgan yoki nom-nishonsiz yo’qolgan deb taxmin qilinar edi.

"Afg’onlar o’z jonini fido qilib bo’lsa-da, bu jismlarni bugungi kungacha yetib kelishi uchun kurashgan",- deydi Afg'onistonning AQShdagi elchisi Said Toyib Javod.

"Bu durdonalar balki afg’on yerini gaflat va mojarolardan tozalasin degan umid bor. AQShga bu yo’ldagi yordami uchun rahmat deymiz”.

Qadim Baqtriyaga xos ko’zni qamashtiruvchi durdonalar 1978 yilda topilgan. Sovetlar istilosi boshlangach, yashirilgan.

Bu sirni bilganlar xazina uzoq yillik urushlar-u Tolibondan omon qolgani haqida 2003 yilga kelibgina gapira boshladi.

Umar Xon Mas’udiy shulardan biri.

“Urushlarga qaramay bu antiqa boylik asrab qoldik. Afsuski ularning anchasi yo’qolib ham ketdi. Jahon Afg’onistonning qadim tarixidan mana endi voqif bo’ladi va saboq oladi. Bizga hamkor davlatlar balki ularni tiklashda ko’proq yordam berar”,- deydi tarixchi.

Eksponatlarni jahon ommasi e’tiboriga havola etish oson bo’lgani yo’q. Biroq Afg’oniston tarixini faqat mojaro va zo’ravonlik bilan bog’lovchi, mamlakat haqida ko’p ma’lumotga ega bo’lmaganlar uchun bu noyob imkoniyat.

Ko’rgazmani targ’ib qilish uchun qator tadbirlar rejalangan. Amerikadagi afg’on restoranlari milliy taomlar dasturxonini yozgan.

Ko’rgazma sentyabrgacha poytaxt Vashingtonda bo’lib, so’ng San-Fransisko, Xyuston va Nyu-Yorkka safar qiladi. Kelasi yil Kobulga qaytadi.