Pokistonning notinch Svot vodiysidagi to’qnashuvlarda bir hafta ichida 130 kishi halok bo’lgan, jumladan 94 jangari va 14 askar.
Harbiylarga ko’ra, oddiy aholi orasida ham qurbonlar bor. Pokiston hukumati ba’zi qabilalar bilan tinchlik bitimi imzolaganiga qaramay, to’qnashuvlar davom etyapti.
Qabilaviy mintaqalaridan biri - shimoliy Vaziriston - Tolibon va Al-Qoida jangarilari mahkam o’rnashib olgan hudud sifatida tanilgan. “Pokiston hukumati bu hududda 300 qabila oqsoqoli bilan tinchlik bitimi imzolagan”, - deydi shimoli-g’arbiy chegara hududi hokimi Uvays G’ani.
Hukumat bilan kelishuv doirasida, mahalliy qabilalar xavfsizlik kuchlari va hukumat idoralariga hamda Afg’onistonga o’tib hujumlar uyushtirmaslikka so’z bergan, deydi hokim. Shuningdek, hududni xorijiy jangarilardan tozalash rejalangan. Evaziga hukumat Shimoliy Vaziristonda ish o’rinlari yaratishi, maktablar qurishi kerak.
Ammo NATO qo’mondonlari fikricha rasmiy Islomobod barcha terrorchi guruhlarga nisbatan qattiqqo’l bo’lishi zarur. Afg’onistonda bu yili hujumlar ko’lami 40 foizga oshgan.
Pokiston shimoli-g’arbiy chegara hududi hokimi Uvays G’ani hukumatning qabilalar bilan kelishib yashash strategiyasini qo’llab-quvvatlaydi. “Tinchlik bitimlari avvalgidek harbiylar bilan emas, to’g’ridan-to’g’ridan hukumat bilan imzolanyapti”, - deydi hokim.