AQSh "qora oltin" zaxirasini bozorga chiqarishi mumkin

AQSh prezidentligiga demokrat nomzod Barak Obamaning ta’kidlashicha, qimmat yonilg’idan qutulish uchun AQSh muqobil energiya sanoatiga sarmoya kiritishi lozim.

“Kelasi 10 yil mobaynida 150 milliard dollar sarmoya qilib, minglab ish o’rinlari yaratish mumkin”, - deydi Obama.

Demokratlar nomzodi benzin bahosini pasaytirish maqsadida, mamlakat strategik zaxiralaridan 70 million barrel neftni bozorga chiqarishni ham taklif qilmoqda.

Hozirda jahon bozorida bir barrel neft bahosi, ya’ni 159 litri 120 dollar atrofida. Qo’shma Shtatlar neftga bo’lgan ehtiyojini qondirish uchun yiliga 700 millard dollar sarflaydi.

Barak Obama fikricha, respublikachilar taklif qilayotganidek, AQSh qo’shimcha neft konlarini ishga tushirishi bilan ish bitmaydi. “Masalani dadil hal etish, muqobil yonilg’i manbalarini topish zarur”.

Prezidentlikka respublikachilar nomzodi, senator Jon Makkeyn suvosti konlaridan keng foydalanish hamda yadro yonilg’isiga tayanish taklifi bilan chiqmoqda.

“Kongress a’zolari ta’tildan qaytib, energetika masalasini kun tartibiga qo’ysin”, - deydi Makkeyn.

Iqtisodiyot, Iroq urushi qatorida, saylov kampaniyasida qizg’in muhokama qilinayotgan mavzulardan. AQSh iqtisodiy inqirozga yuz tutayotgan bir paytda, urushga sarflanayotgan mablag’ ham shu mavzuga bog’lanib ketgan.