Hukumatni muloqotga chorlagan muxolifatchi badarg'a qilingan

O’zbekiston hukumati bilan muloqot qilishni taklif qilib kelayotgan muxolifatchilardan biri Po`lat Oxun mamlakatdan majburan chiqarib yuborilgan. Bir necha yil chet elda yashagan oppozitsioner qariyb ikki yil avval vatanga qaytgan edi.

Sharhlovchilarga ko`ra rahbariyat muxolif qarashdagi insonlarni ta'qib qilishda davom etmoqda. Ulardan biri, shoir Yusuf Juma, qamoqxonada va oilaning aytishicha, uning qiynoqqa solinayotgani haqida isbot yetarli.

"Birlik" partiyasi vakillariga ko'ra Po'lat Oxun majburan mashinaga ortilgan va Bishkek yaqinidagi bir yalanglikka tashlab ketilgan.

"Uning uyiga pasporti masalasida chaqirtirilayotganini aytib bittasi kelgan. Keyin go`yoki militsiya tomonidan Qirg`iziston nomeridagi bir mashinaga chiqarilgan va Bishkek yaqinidagi cho`lga tashlab ketilgan. U kishi o`sha yerdagi mahalliy aholidan qayerdaligini bilib bizga xabar berishga muvaffaq bo`ldi. Hozirda Bishkekda BMT Qochqinlar qo`mitasiga murojaat qilgan", - deydi "Ezgulik" jamiyati vakili Abdurahmon Tashanov.

Muxolifatchi aslida mamlakatga pasportini almashtirish uchun qaytgan edi. O`zbekiston huquq tartibot organlari Po`lat Oxunning pasporti masalasida hozirgacha aniq javob bermagan.

"Birlik" faollaridan biri Hamdam Sulaymonga ko`ra keyingi paytlarda partiya yig`ilishini o'tkazishga to'sqinlik qilinmagan. Ammo "Ezgulik" huquqni himoya qilish jamiyati vakili

Abdurahmon Tashanov fikricha hamisha hukumat bilan muloqotga kirishishga chorlab kelgan Po`lat Oxunning mamlakatdan bu tarzda chiqarib yuborilishi siyosatda biror iliqlik bo'lishidan darak bermaydi.

"U doim hukumatni muxolifat bilan konstruktiv ravishda muloqot qilishga chaqirib kelgan. Po'lat Oxunning takliflari inobatsiz qolgan. Hukumat hech qachon muxolifat bilan muloqotga bormasligini namoyon etgan", - deydi Tashanov.

Sharhlovchilar nazarida rasmiy Toshkent uni demokratik qadam tashlashga undan kelayotgan AQSh bilan munosabatlarini yaxshilayotgan bo'lsa-da, mamlakatda vaziyat hamon tarang. Hukumatga muxolif faollar va huquq himoyachilari tazyiq ostida.

Hukumatni keskin tanqid ostiga olgan she'rlari va chiqishlari bilan tanilgan va ayni paytda "Jasliq" qamoqxonasida saqlanayotgan Yusuf Juma, oilasining aytishicha, qiynoqqa solinayotgan bo'lishi mumkin.

Bu haqda yaqinda shoir bilan qamoqxonada uchrashgan qizi Feruza shunday ma`lumotlar beradi:

"Dadamni ko`rib tanimay qoldim. Judayam ozib ketgan. 40 kilogram ham chiqmaydilar. Dadamni shunday ahvolda ko`raman deb o`ylamagan edim. Ahvollari juda og'ir. Ko`krak qafasi shishib ketgan. Boshlari g`urra... Oyoqlari shishib ketgan. Oyoqlarini tagiga dubinka bilan urib qiynashar ekan. Dadamning qayerdaligini zo`rg`a topdim, lekin ukam haqida indashmayapti".

Yusuf Juma o`g`illari - Bobur va Mashrab bilan birga O`zbekiston prezidentini iste`fosini talab qilib o`tkazgan piketidan keyin, mlitsiya xodimiga hujum qilish va haqoratlashda ayblanib 5 yil qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

Shoirning ikki o`g`li ham qamalgan. Keyinchalik ulardan biri Bobur amnistiya bilan ozodlikka chiqdi. Mashrabning esa qaerdaligi noma`lum qolmoqda.