Prezidentlikka nomzodlar va oila: Barak va Mishel Obama

Qo'shma Shtatlarda prezidentlikka intilgan har bir shaxs nafaqat siyosiy tajribasi balki oilasi ham tanqid-u tahlil qilinishiga tayyor turmog'i lozim.

Chunki saylovda nomzodning siyosiy faoliyati va shaxsiy hayoti birdek muhim faktorlar.

“Amerika xalqi bu yurtning orzular ushaladigan diyor ekaniga hali ham ishonsa, turmush o'rtog'im uchun ovoz beradi", - deydi prezidentlikka Demokratik partiya nomzodi Barak Obamaning rafiqasi Mishel Obama (Michelle Obama).

Obama xonim 44 yoshda. Kasbi yurist, Garvard Universiteti diplomiga ega. Ikki qizning onasi.

”Men o'zgaga hurmat va izzatda bo'l deya uqtirgan ota-ona, oddiy mehnatkash oila farzandiman”, - deydi u.

Mishel Barak Obama singari Chikagoni ona shahri deb biladi. Shu yerda oila qurishgan.

Barak Obama saylov kampaniyasini boshlabdiki, Mishel uning ovozi. Turmush o’rtog’ini maqtashdan tortinmaydi.

”Erim juda optimist inson. Kelajakka ishonadi. Soddadil va kamtarin”,- deydi u.

Tabassum va o’ziga nisbatan ishonch, deydi Mishel Obama, insonni orzu-havas qilishga, mehnatdan toymaslikka undaydi.

Mishel Chikagoning o’rtahol bir oilasida katta bo’lgan. Barak bilan kasbiy faoliyatining boshida tanishgan.

”Barak ilk bor uchrashuvga taklif qilganida yo’q deganman, chunki bir joyda ishlardik. U mening shogirdim edi. Shu bois u bilan uchrashishni xayol qilmaganman. Lekin Barak meni baribir ko’ndirdi. Ko’nglimga yo’l topa oldi”,- deydi Mishel Obama.

Huquqshunos va advokat sifatida Barak ham, Mishel ham ijtimoiy muammolardan yaxshi xabardor.

Balki shu sabab Mishel uchun oila hamma narsadan ustun deydi uning dugonasi Anjela Akri.

”Mishel onalikni muqaddas burch deb biladi. Maqsadi ikki qizini tarbiyalash, voyaga yetkazish, ularni hayot sinovlariga tayyorlash”.

Lekin siyosiy oilada ulg’ayish oson kechmaydi. To’ng’ich qizi 10 yoshda bo’lsa, kenjasi endi yettiga kirgan.

Turmush o’rtog’i prezidentlikni ko’zlar ekan, oila - axborot vositalari diqqatida. Har bir qadam tahlil ostida. Tanqidning cheki yo’q. Har bir so’zi elakdan o’tadi.

Mishel Obamaning mazkur yil boshida ”Shu paytgacha yurtim bilan bu qadar faxrlanmagan edim” degan gaplari kuchli norozilik uyg’otdi.

O’ylanmasdan aytilgan so’zlar Obama oilasiga qimmatga tushishi mumkin. Raqib tomon, Respublikachilar partiyasi nazarida Mishel cho’rtkesar, Barak esa xom arbob.

”Siyosiy maqsadlar yo’lida rafiqamni qoralashga uringan odam katta xato qiladi",- deya ogohlantiradi Barak Obama. "Undan meni yengish uchun foydalanishga urinmang”.

Mishel Obama siyosat – “beshafqat tomosha, keskin raqobat va manfaatlar sahnasi ekanini bilaman”, - deydi.

”Siyosatga kirdingmi, tanqidga chidamasdan iloj yo’q. Har tomondan nishonga olinib, terimiz ham qotib ketdi”.

Amerikada siyosatga kirsangiz yoki siyosatchining turmush o’rtog’i bo’lsangiz shaxsiy hayotni unutavering. Oilaviy ikir-chikir degan narsa yo’q. Hamma narsa nafaqat bu xalqqa, balki butun dunyoga doston. Nima kiyasiz, kim bilan yaqinsiz, o’tmishdagi xatolaringiz… Hammasi ochiladi.

”Men biz ideal oilamiz yoki afsonaviy insonlarmiz demoqchi emasman", - deydi Mishel Obama.

"Tilim uzun, mahmadonaman. Erim ham buni biladi. Barak juda aqlli, kuchli ayol bilan yashashga qodir. Aynan shu sabab ham undan ajoyib prezident chiqadi. Menga chidayapti axir"!