Respublikachilar Partiyasi prezidentlik uchun 72 yoshli senator, vatan qahramoni Jon Makkeynni (John McCain) tanlagan.
Makkeyn nafaqat ichki siyosat, balki tashqi siyosatda ham o'tkir arbob sanaladi.
Hatto raqib partiya a'zolari – demokratlar ham Makkeynni fidoiy va vatanparvar inson deya hurmat bilan tilga oladi.
Makkeyn prezidentlikka 2000 yilda ham harakat qilgan, ammo nomzodlikni amaldagi prezident Jorj Bushga (George Bush) boy bergan.
Bu yil nomzodlikni qo'lga kiritdi, ammo oldinda uni 47 yoshli demokrat raqib – Barak Obama (Barack Obama) bilan shuddatli bahs va musobaqalar kutmoqda.
Obama vitse-prezidentlik uchun Makkeyn singari Vashingtonda pishgan siyosatchi Jo Baydenni (Joe Biden) loyiq topgan bo'lsa, Makkeyn muovinlik uchun 44 yoshli, ko'pchilikka notanish Sara Palinni (Sarah Palin) ma'qul ko'rmoqda.
Palin Alyaska shtati gubernatori. Mahalliy siyosatda korrupsiyaga qarshi kurashib kelayotgan amaldorlardan.
Jon Makkeyn vitse-prezidentlik uchun kimni olarkan deb uzoq kutildi. Tajribali gubernator va arboblar saralandi. Makkeynning qarori hammani ajabga soldi.
"AQShning bo'lajak vitse-prezidenti - buyuk Alyaska shtati gubernatori Sara Palin bo'ladi",- deydi Makkeyn.
Sara Palin besh farzandning onasi. Alyaskani ikki yildan beri boshqaradi.
Katta siyosiy sahnaga ko'tarilmagan amaldor. Makkeyn "mana endi ko'tariladi" deydi.
"Men o'zi shunday jafokash va kamtarin hamroh qidirayotgan edi. Vashingtondagi manman siyosatchilardan yiroq, halol va mehnatkash xizmatchi".
Sara Palin xalqqa o'zini islohotchi, iqtisodiy-ijtimoiy o'zgarishlar qilishga qodir yetakchi deb tanishtirmoqda. AQSh manfaatlarini himoya qila olaman deydi u.
"Hech kimga bosh egmayman. Korrupsiyani xalq dushmani deb bilaman. Lobbichilar va yirik kompaniyalarga emas, sizga xizmat qilaman",- deydi Palin.
Jon Makkeyn saylovdagi raqibi – demokrat nomzod Barak Obamani yosh va tajribasiz deya tanqid qiladi.
Biroq Sara Palin Obamadan ham yosh va siyosiy malakasi yuqori emas.
Palinning tanlanishi saylanish uchun qilingan strategik qaror deydi siyosiy sharhlovchi Deyvid Mark.
"Makkeyn boshqani hali xom deya yerga urib, o'zi undan-da xom kishini o'rinbosarlikka munosib ko'rishi juda kulgili hol. Lekin Sara Palin saylov uchun muhim. U yosh saylovchilarni, xotin-qizlarni, qolaversa oddiy amerikaliklarni o'ziga qarata oladi".
Siyosiy raqobatda natija emas, ko'pincha bugungi maqsad ustun keladi deydi tahlilchi.
"Makkeyn, demokratlar orasida Barak Obamani emas, Xillari Klintonni nomzod sifatida ko'rsatgan va bugun xafsalasi pir bo'lgan odamlarni o'ziga og'dirmoqchi. Ularning ovozisiz saylanish qiyin. Millionlab ovoz haqida gap ketayapti",- deydi Deyvid Mark.
Sara Palin qayerga bormasin, ayollarga alohida murojaat qilmoqda.
"Xillari Klinton (Hillary Clinton) naqd 18 million amerikalikning ishonchini qozonib, eng yuqori pog'onaga ko'tarila olgan ayol. Klinton tanlanmadi deb afsuslanmang. Mana men borman. Men bu ayol ochgan yo'ldan borib, orzu-istaklaringiz uchun kurashaman. Nimaga qodirligimizni isbotlaymiz".
Sara Palin Alyaskadek energetik resurslarga boy shtat rahbari sifatida AQShning yonilg'iga bo'lgan cheksiz talabini qondirish naqadar muhim ekanini biladi.
Amerika o'z suvosti zaxiralaridan foydalana boshlashi kerak deydi u. Uning fikricha chet el neftiga tobelikdan voz kechish payti yetgan.
Sara Palin Respublikachilar Partiyasining xudojo'y oqimi a'zolaridan.
"E'tiqod hayotim mazmuni", - deydi u. O'zini iymonli nasroniy deb atovchi Palin xonim oilani muqaddas deb biladi.
Palin AQSh jamiyatida ko'p bahsu-tortishuvlarga sabab bo'ladigan va o'ta siyosiy mavzular sanaladigan masalalar - nikohsiz farzand ko'rish, homilani abort qilish, gomoseksual kishilarning o'zaro turmush qurishi kabi hollarga qarshi.
Lekin Sara Palinning 17 yoshli qizi Bristol, yuqori sinf o'quvchisi, besh oylik homilador.
Sara Palin "qizim go'dakning otasi bilan oila quradi va farzandiga onalik qiladi" deya oila sha'nini va o'z siyosiy kelajagini himoya qilishga urinmoqda.Siyosiy sharhlovchilar nazarida bu hol Jon Makkeynni millionlab tarafdorlardan va shu tariqa xalq ovozidan ayirishi mumkin.
Amerikaliklar esa va'daboz va ikkiyuzlamachi siyosatchilardan to'yib ketganini,
vijdonli rahbarlarga zor ekanini aytmoqda.
Izlanishlar shuni ko'rsatadiki, Amerikada har 10 qizdan uch nafari 20 yoshga kirguncha kamida bir marotaba homilador bo'lib qoladi va ko'p hollarda abortni ma'qul ko'radi.
Saylov oldidan jinsiy tarbiya, maktablarda bu borada qanday ta'lim berilishi, ota-ona va muallimlar roli va vazifasi, o'smirlarga e'tibor kabi masalalar yana dolzarb sahnaga chiqmoqda.
Sara Palinning o'zi jinsiy tarbiya maktabda emas, oilada berilishi kerak deb keladi. Vitse-prezidentlikka nomzod hali bu borada ko'p marotaba savolga tutilsa ajabmas.