AQSh kelajakda lotin amerikaliklar mamlakati bo'ladi

AQSh hukumatiga ko’ra, yaqin 30-40 yilda mamlakat demografiyasi keskin o’zgaradi. Bu jamiyatda hozirgidek Yevropa kelib chiqishiga ega fuqarolar emas, lotin amerikalik va osiyoliklar ko’pchilikni tashkil eta boshlaydi.

Missuri shtatining Sent Jozef shahrida qayerga qaramang, hamma yerda latinolar. Aholining ko’pi shular.

Shu yerda hamshiralik qiladigan Konni Bounbreyk, “buni bizga kunda keladigan bemorlarning sonidan ko’rish mumkin, ko’pi lotin amerikaliklar”, - deydi.

AQSh aholini ro’yxatga olish boshqarmasi hisobicha, 2006 va 2007 yilda shaharda latinolar soni 25 foizga ko’paygan.

Lyusi Timmerman uch yildan beri Sent Jozef shahrida yashaydi. O’z biznesi bor. Etnik nisbat o’zgardi deydi u.

“Menimcha, lotin amerikaliklar ko’paysa ko’payadiki, kamaymaydi.”

Mamlakat miqyosida ham ahvol xuddi shu. Rasmiy raqamlarga qarasak, hozir AQSh aholisining uchdan bir qismi yo latino, yo osiyolik. 2042 yilgacha ular ko’pchilikka aylanishi mumkin. 2050 yilga borib qora tanli, latino va osiyoliklar xalqning 54 foizini tashkil etadi. Lotin amerikaliklarda tug’ilish yuqori, ular hammadan oldinda bormoqda.

Amerika bolalarning 62 foizi muhojir oilalarda dunyoga kelmoqda.

Los Anjeleslik Loren Guzik “kamchilik bo’lsak bo’lamiz-da”,- deydi.

“Xabarim yo’q edi bundan. Vahima qilishning nima keragi bor? Elatlar ko’p bo’lsa, qaytaga yaxshi”, - deya fikr bildiradi.

AQShda aholi yil-sayin qarib borayapti. 2050 yilgacha yoshi 65 dan o’tgan insonlar soni 88 milliondan ortishi mumkin. Ya’ni jami aholining 20 foizi haqida gap ketmoqda.

Ekspertlar fikricha, mamlakatning demografik qiyofasi butinlay o’zgarishi uchun yillar o’tishi kerak. Bir ozdan so’ng muhojirlar mahkam o’rnashib, shu yerda ildiz otadi, boshqaruvni qo’liga oladi. Demograf olim Vilyam Frey bu tabiiy deydi.

“Los Anjeles kabi shaharlarda latinolar necha zamonlardan beri yashaydi. Siyosatni ular yuritadi, aytgani aytgan. Los Anjeles meri ham latino”, - deydi tahlilchi.

Boshqa yirik shaharlar, Skrenton, Las Vegas va Denverda ham yaqin yillarda tarkibiy o’zgarish bo’lishi mumkin. Bu maskanlar ham etnik jihatdan boyib bormoqda.

“Yoshlarga qarab, keyinchalik nima bo’lishini ko’rish mumkin. Ko’p emas, yaqin 10 – 20 yil ichida hammasi o’zgaradi.”

Ahvol shu zayilda davom etsa, Amerika irqiy va etnik jihatdan yanada rang-barang, asosan latinolar yashaydigan davlatga aylanadi.