Prezident Dmitriy Medvedevning ta’kidlashicha Rossiya dunyoning ayrim qismlarida o’ziga xos nufuz va ta’sir kuchiga ega.
Mamlakat, deydi Medvedev, o’z manfaatlarini himoya qilishga har qachongidan-da tayyor.
Kreml AQShni dunyoda yakkahokim bo’lishga urinayotganlikda ayblab keladi.
Rossiya nazarida Kavkazdagi urushga Gruziyaning Janubiy Osetiyaga hujumi turtki berdi. "Bu pozitsiya o'z navbatida Gruziyani jazolash uchun bahona bo'ldi", - deydi rossiyalik jurnalist Masha Lipman.
"Shunisi aniqki, Rossiya sobiq Sovet davlatlarida ta'sir kuchiga ega va Kremlning G'arb bilan murosa qilishga hafsalasi yo'q".Sobiq prezident Vladimir Putin NATO tashkilotining sharq tomon kengayishi hamda Gruziya va Ukrainaning unga kirishiga yo'l qo'ymaymiz deb keladi.
"Bu talab qanday amalga oshirilishini Kavkazda ko'rdik",- deydi Masha Lipman. " Hozirda Rossiya ancha oyoqqa turib, G'arb moliyaviy tashkilotlariga kam tayanmoqda. Bu Kremlga mustaqil siyosat yuritishga, gapini o'tkazishga imkoniyat berdi".
Gruziyadan keyingi nishon Ukraina bo'lishi mumkin, deb hisoblaydi ba'zi sharhlovchilar.
Qrimda asosan ruslar yashaydi, ko'pchiligi Rossiya pasportiga ega. Sevastopol shahrida Rossiya harbiy kontingenti joylashgan. Prezident Viktor Yushenko shartnoma muhlati 2017 yilda tugagach, uzaytirilmaydi demoqda.
Ukrainalik jurnalist Yevgeniy Xlibovitskiy nazarida Kremlning NATO kengayishiga qarshi turayotgani - bu shunchaki bahona. Uning fikricha Rossiya sobiq Sovet Ittifoqi tarkibidagi mamlakatlarni ruhan haligacha mustaqil deb qabul qilmagan."Rossiya bu davlatlarda eski obro'-nufuzini tiklashni istaydi. Buning uchun, NATO bo'lmasa, boshqa bir bahona topilgan bo'lardi", - deydi muxbir.
Prezident Yushenko Ukrainaning NATOga kirish istagini bayon qilib kelsa-da, ommaviy so'rovlar natijasiga ko'ra harbiy ittifoqqa qo'shilishga aholining uchdan-ikki qismi qarshi.
David Nikuradze, Gruziyaning Rustavi-2 telekanali muxbiri, Ukraina singari Gruziya ham qaysi tashkilotga qo'shilish va kim bilan do'stlashishni o'zi hal qiladi deydi."Sovet Ittifoqi davri o'tdi ketdi. Bugun Gruziya mustaqil, suveren davlat va buni Rossiya qabul qilishi kerak",- deydi Nikuradze.
Qo'shni Ozarbayjon mintaqadagi voqealarni yaqindan,
biroq ehtiyotkorlik bilan kuzatmoqda. Prezident Ilhom Aliyev Rossiyaning
Gruziyaga harbiy yurishi masalasida biror fikr bildirmagan.
AQSh vitse-prezidenti Dik Cheyni yaqinda Bakuda bo'lib, G'arbga Rossiyani chetlab o'tgan holda yonilg'i yetkazuvchi loyihalarni muhokama qilgan.
Shahin Abbosovga ko'ra Ozarbayjon rahbari hozircha qanday ish tutishni bilmaydi va G'arb davlatlari
oldida ushbu masala yuzasidan biror majburiyat olgani yo'q.