Jon Makkeyn prezidentlikka saylansa va 72 yoshli bu arbobga biror kor-hol bo’lsa, 44 yoshli Sara Peylin dunyoning eng qudratli davlati prezidentiga aylanishi mumkin.
So’nggi ijtimoiy so’rov natijalari Jon Makkeyn poygada raqibi, demokrat senator Barak Obamadan oldinda ekanini ko’rsatmoqda.
"Washington Post" gazetasi va "ABC News" telekanali o’tkazgan so’rov xulosalariga ko'ra, oq tanli ayol saylovchilarning 53 foizi Makkeyn tarafdori. Obamani esa 41 foiz xotin-qiz qo’llab-quvvatlamoqda.
Karlin Bauman AQSh siyosati va ijtimoiy so’rovlar bo’yicha mutaxassis. Amerikalik ayollarning aksariyati 5 farzandning onasi, 44 yoshli Sara Peylinda o’zini ko’rmoqda, deydi u. Peylin hozircha xotin-qizlarga yoqayapti, lekin bir oydan keyin nima bo’lishini hech kim bilmaydi.
Bir oy oldin Amerika xalqi Sara Peylin ismli gubernator borligidan bexabar edi. Hozir ham saylovchilar uning kimligini, ishonchga loyiq-loyiqmasligini aniq ayta olmaydi. Respublikachilar partiyasi Peylinni mard ayol, islohotchi, 5 farzandning onasi, xalq orasidan chiqqan, uning dardini yaxhi bilgan arbob deya tanishtirmoqda. Katta o’g’li Iroqda xizmat qilmoqda. Kenja o’g’li aqlan zaif – Daun sindromi bilan tug’ilgan. 17 yoshli qizi Bristol oila qurmagan, lekin homilador.
Nikohsiz farzand ko’rish, homilani abort qilish, gomoseksual kishilarning o’zaro turmush qurishiga qarshiman deb jar solgan Peylin qizini eplay olmabdi-ku, mamlakatni boshqarishni kim qo’yibdi, deydi tanqidchilar. Buning ustiga yosh va tajribasiz, Alyaska shtatini 2 yildan beri boshqaradi.
Amerikaliklar va’daboz va ikkiyuzlamachi siyosatchilardan to’yib ketganini, vijdonli rahbarlarga zor ekanini aytmoqda.
Amerikalik faol Jenis Krauz fikricha, xotin-qizlarning ko’pi Sara Peylinni tushunadi, muhim masalalarda u bilan hamfikr. ”Amerikalik ayollar oila, nikoh kabi qadriyatlarni e’zozlaydi. Sara Peylinni samimiy, bardoshli ayol deb bilishadi. Ham siyosatni, ham oilani boshqara olgani uchun,” – deydi Jenis Krauz.
Sara Peylin homilani oldirib tashlashga qarshi, hatto ayol jinsiy zo’rlash qurboni bo’lsa ham. Bu qarash Respublikachilar Partiyasining asosini tashkil etgan fuqarolarga ma’qul. Lekin tahlilchi Metyu Daud nazarida odamlarning fikri tez o’zgaradi.
”Odamlar to’satdan kimgadir mahliyo bo’lib qolishi mumkin, lekin bu uzoqqa cho’zilmaydi. Siyosatda yangi odam paydo bo’ldi, jamiyat qiziqib qaradi. Vaqt o’tsin qani. Xalq hovuridan tushib, vaziyatda boshqa ko’z bilan qaraydi,” - deydi Metyu Daud.
1984 yilda o’xshash holat kuzatilgan. O’sha yili Demokratik Partiyadan nomzod Volter Mondeyl vitse-prezidentlikka Jeraldin Ferraroni tanlagan edi.
Nomzodning xalq orasidagi nufuzi shu zahoti ko’tarilgan, biroq bir necha hafta ichida yana avvalgi holatiga qaytgan. Prezident saylovlarida esa Mondeyl raqibi Ronald Reyganga mag’lub bo’lgan.
Sara Peylin omma e’tiborini jalb qilgani muqarrar. Barak Obama ham Peylin paydo bo’lgach, respublikachilarga jon kirganini tan olmoqda. Lekin deydi Obama hali hammasi oldinda.
”Xalq dardini kim tinglay olishi va muammolarga kim yechim topa olishini yaqin orada bilamiz,” - deydi Obama.
Prezident saylovlari 4 noyabrga belgilangan.
Respublikachilardan vitse-prezidentlikka nomzod Sara Peylin bir soatlik
xalifami yoki jiddiy siyosatchi? Bu savolga javob topish uchun 8 hafta vaqt
qolmoqda xolos.