Admiral Myullen: Afg'onistonda g'alabaga erishsa bo'ladi

AQShning birinchi raqamli harbiysi admiral Maykl Myullen fikricha, AQShning keyingi prezidenti ko'plab muammolarni hal qilishi kerak bo'ladi va ulardan biri - Afg'oniston-Pokiston chegarasidagi vaziyatni barqarorlashtirish.

44-prezident noyabrdagi saylovlarda aniqlansada, ishga rasman 20 yanvarda kirishadi. Admiral Myullen o'rtadagi vaqtni o'tish davri deb ataydi.

Admiral Afg'onistondagi vaziyatni ayanchli deb ta'riflamoqda. Koalitsiya kuchlari hali g'alabadan yiroq, ammo unga erishsa bo'ladi, deydi.

"Afg'oniston-Pokiston chegarasida al-Qoida faol. Guruh rahbariyati ham o'sha hududga yashiringan va G'arbga qarshi yangi xurujlar rejalamoqda," deydi Myullen.

Pokiston hukumati Qo'shma Shtatlarni uning hududida so'nggi paytda bir necha bor ham havodan, ham yerdan hujum uyushtirganini tanqid ostiga olgan.

Vashingtonga tashrif buyurgan Afg'oniston mudofaa vaziri Abdul Rahim Vardak Afg'oniston, Pokiston va koalitsiya kuchlaridan iborat hamda chegaraning har ikki tomonida harakatlana oladigan maxsus qo'shma qism tuzishni taklif qilgan. Admiral Myullen taklifni olqishlamoqda.

Mintaqadagi muammolarga ham harbiy, ham iqtisodiy javob berish kerak, deydi Myullen. Afyun dalalarini yo'qotishga astoydil bel bog'lash kerak, aks holda uning savdosidan tushayotgan daromad jangarilarni qo'llab-quvvatlashga sarflanmoqda, deydi u.

"Afyundan tushayotgan daromadga ular qurollanmoqda. Bu qurollardan esa amerikalik askarlar, koalitsiya qo'shinlari, afg'on harbiylari va fuqarolari o'ldirilmoqda."

Bugun ham jangarilar uyushtirgan xurujdan janubdagi Qandahor viloyatida Registon tumani hokimi va politsiya mahkamasi boshlig'i halok bo'lgan. To'rt nafar soqchi yaralangan.

Admiral Myullen nazarida Oq Uyga keladigan yangi ma'muriyat Eron bilan ham jiddiy shug'ullanishi kerak, chunki Eron o'z ta'sirini Yaqin Sharq tashqarisiga yoymoqchi va Afg'onistonda Tolibonni qo'llab-quvvatlamoqda.