Rivojlangan va boy yetti davlat moliya vazirlari bugun Vashingtonda uchrashib, jahondagi qaltis moliyaviy vaziyatni muhokama qiladi. Ertaga ular prezident Bush bilan ham uchrashadi. Moliya birjalarida aksiyalar bahosi tushishda davom etmoqda. Xususan AQShning Dou-Jouns ko'rsatkichi 7 foizga pasaygan.
Oq Uy matbuot kotibasi Dana Perinoga ko'ra, AQShda 700 milliard dollarlik qutqaruv dasturi qabul qilingach, hukumat mamlakatdagi ayrim banklar aksiyalarini sotib olmoqchi.
"Qimmatbaho qog'ozlar bozori qaltis ahvolda. Moliya vaziri Genri Polson vaziyatdan chiqishning turli yo'llarini izlamoqda," deydi Perino.
Xalqaro Valyuta Jamg'armasi muammoni muhokama qilish uchun favqulodda majlis o'tkazmoqda.
Jamg'arma rahbari Dominik Straus-Kanning aytishicha, jahon iqtisodiy tanazzul yoqasida turibdi, ammo vaziyat kelasi yil oxiriga borib o'nglanishi mumkin.
"Buning uchun mamlakatlar maslahatlashib ish ko'rishi kerak," deydi jamg'arma boshlig'i.
Unga ko'ra tashkilot iqtisodiyoti qiyin ahvolga tushgan rivojlanayotgan davlatlarga kredit olishni osonlashtirish uchun favqulodda dasturini ishga solmoqda.
Jahon Banki prezidenti Robert Zellik nazarida oziq-ovqat va yonilg'i qimmatlashib borar ekan, kambag'al davlatlarni unutmaslik lozim.
Ertaga Moliya vaziri Polson 20 davlat moliya vazirlari va markaziy bank rahbarlari bilan uchrashadi.
Prezident Bush bugungi murojaatida "Qo'shma Shtatlar boy davlat va muammoni hal qilishga qurbi yetadi" deya sarmoyadorlar va moliya bozorini tinchlantirishga urindi.