AQShning Shimoliy Koreya talabini qondirishi tanqid ostida

Qo'shma Shtatlar Shimoliy Koreyani yadro dasturi bo'yicha muzokaralarga qaytarish maqsadida uning asosiy talablaridan birini bajarishga majbur bo'ldi. Ammo ba'zi mutaxassislar AQShning bu qarorini tanqid qilmoqda.

Yaqinda Shimoliy Koreya muzokaralardan chiqishini va avgust oyida yopilgan yadro reaktorni qayta ochishini aytib, muloqotda ishtirok etayotgan besh davlatni sarosimaga solgan edi. Rasmiy Pxenyan nazarida Qo'shma Shtatlar uni terrorchilarni qo'llab-quvvatlaydigan davlatlar ro'yxatidan chiqarmas ekan, qurolsizlanish haqida gap bo'lishi mumkin emas.

Oq Uy muzokaralarni boshi berk ko'chadan chiqarish maqsadida Shimoliy Koreya talabini qondirishga majbur bo'ldi va uni ro'yxatdan olib tashladi. Ammo AQShning bu qarori ba'zilar tomonidan keskin tanqid qilinmoqda. Xususan AQShning BMTdagi sobiq elchisi Jon Bolton tomonidan.

"Qo'shma Shtatlar bunday qilmasligi kerak edi. Oqibatlari salbiy bo'ladi. Nafaqat Shimoli-sharqiy Osiyo uchun, balki butun jahon uchun ham," deydi Bolton.

Rasmiy Pxenyan buning evaziga tasarrufidagi barcha yadro inshootlari va materiallarini ayon etishga va'da bermoqda. Mutaxassislar nazarida hozircha bu borada to'liq ma'lumot yo'q, shu sabab xalqaro inspektorlar Shimoliy Koreya ko'rsatgan inshootlarni ko'zdan kechirmoqda xolos.

Boltonning aytishicha, Shimoliy Koreya AQSh ustidan siyosiy g'alabaga erishdi va yadro dasturini to'liq oshkor qilmaydi.

"Qurollari qani? Plutoniyning qolgani qaerda? Uran boyitish dasturi qani? Mana shu savollarga haligacha javob olingani yo'q," deydi Bolton.

Janubiy Koreya aksincha AQSh qarorini olqishlamoqda.

Ushbu mamlakatning muzokaralardagi bosh vakili Kim Sukning aytishicha, bu bilan olti tomonlama muloqotni davom ettirishga, Shimoliy Koreyani yadro dasturidan voz kechtirishga imkon tug'ildi.

Ikki tomonlama kelishuvga muvofiq, AQSh Shimoliy Koreyani terrorni qo'llab-quvvatlovchi davlatlar ro'yxatidan olib tashlashi evaziga rasmiy Pxenyan oshkor etilmagan yadro inshootlari haqida ma'lumot berishi kerak bo'ladi.