Qo’shma Shtatlarda ko'chalar gavjum, kayfiyat baland. Mamlakat umid va o'zgarish yo'lini tanlagani qayd etilmoqda.
"Amerikaning orzular ushaladigan diyor ekaniga shubha qilgan bo'lsangiz, davlatimiz asoschilari belgilagan yo'ldan chiqib ketgan deb o'ylasangiz, demokratiyamiz haqiqatda buyuk ekaniga ishonmasangiz",- deydi Obama, "bugungi g'alabaga qarang. Saylov va uning natijasi barcha gumonlaringizni yo'qqa chiqaradi".
"Amerika o'zgarish uchun ovoz berdi. Xalq to'g'ri yo'lni tanlay olishini isbotladi",- deydi Obama.
Raqibi respublikachi 72 yoshli Jon Makkeyn mag'lubiyatni tan oldi va Obamani xalq ishonchini qozongani bilan tabrikladi.
"Saylovda mag'lubman, ammo bu buyuk xalq xizmatida qolaman",- deydi Makkeyn. "Obama bilan Oq Uy uchun kurashish men uchun sharaf bo'ldi".
Amerikadek bepoyon mamlakat bo’ylab vaqt orasidagi farq katta ekan, saylov natijalari sharqdan g'arb tomon shtat-shtat ayon bo'lmoqda.
Obama Saylov Kollegiyasining ko'pchilik ovozini
qo'lga kiritgan. Kollegiya xalq bergan ovozga qarab, saylov natijasini
hal etuvchi kengash bo'lib, Kongress singari 538 a'zoga ega.
Bu yilgi saylovlarda taxminan 150 millionga yaqin kishi ovoz bergan. 300 million aholilik AQShda shu kungacha bu kabi katta sonda saylovga chiqilmagan.
Odamlarni ovoz berishga undagan sabablar ko’p.
Nomzodlar, deya tan oladi amerikaliklar,
xalq farxlansa bo’ladigan insonlar. Tarixda ilk marta afro-amerikalik
rahbarlik uchun ko'rsatildi.
Asrlar davomida qullikda yashagan va Amerikada XX asrning o’rtalarigacha ikkinchi darajali inson sifatida ko’rilgan qora tanlilar uchun Barak Obamaning prezidentlikka munosib topilishi nafaqat tarixiy, balki misli ko’rilmagan ijtimoiy-siyosiy-madaniy yutuq.
Amerikaliklar irqiy, diniy kelib chiqishidan qat'iy nazar, boymi yoki kambag'al, oq yoki qora, siyosiy qarashi turli bo'lishiga qaramasdan yangi valod vakilini prezidentlikka saylaganini keng tantana qilmoqda.
Mag'lub Makkeyn ham safdoshlari va tarafdorlarini "bu Amerika uchun ulug' damlar" deya Obamaga ergashishga, uni quvvatlashga undamoqda.
3 noyabr kuni, saylovdan bir kun oldin Obama hayotidagi eng muhim insonlardan biri, buvisi Madelin Dunxamdan ayrildi. 86 yoshli Madelin rakdan vafot etdi.
"Hayotim, bugun kim ekanim uchun buvimdan toabad minnatdorman. Bu bebaho damlarda undan ayrilish men uchun juda og'ir",- deydi Obama.
Obamaning onasi Anna (Madelin Dunxamning qizi) oq tanli, otasi Barak Hussayn Obama Keniyadan bo'lgan.
Ota-onasi ajrashgach buvi va bobosining qo'lida "Barri" ismi bilan katta bo'lgan Obama keyinchalik rasman Barak Obamaga aylanadi.
Kolumbiya va Garvard universitetlari kabi nufuzli oliygohlarni tamomlagan, advokat sifatida oddiy xalq huquqlarini himoya qilishni ma'qul ko'rgan, siyosiy faoliyatini oddiy aktivist sifatida boshlab, bir necha yil Illinois shtatida mahalliy senatorlik qilgan va 2004 yilda AQSh Senatiga saylangan Obama oilali, ikki farzandning otasi. Obama rafiqasi Mishelni chin do'sti va muhabbati deya ataydi.
Saylov natijalariga ko'ra, asosan oq tanli respublikachilarga ovoz beradigan shtatlarning ko'pi bu safar demokrat va qora
tanlini rahbarlikka ma’qul ko’rgan.
Respublikachi
nomzod Jon Makkeyn osonlikcha boy bermadi. Yurtdoshlarini xavfsizlik va iqtisod mustahkamlik uchun
ovoz berishga undadi.
“Amerikani faqat mendek tajribali, ko’pni ko’rgan, dunyo ishlarini tushunadigan, o’tkir siyosatchi nurli kelajak tomon yetaklay oladi”,- dedi Makkeyn saylov kampaniyasining so'nggi daqiqalarida.
Obama esa butun kampaniya davomida xalqqa “Makkeyn saylansa, Bush siyosati davom etadi,” - deya eslatib keldi.
"Jorj Bush AQShni
har tomonlama botqoqqa botirgan, boshi berk ko’chagan olib kirgan rahbardir", -
dedi Obama."Makkeyn ko'p masalalarda Bush bilan bir fikrda".
Makkeyn esa
“men Bush emasman. Men o’zgarish tarafdoriman”,- deya o'z pozitsiyasini himoya qilishga urindi.
Shu kunlarda ko’rinmas prezidentga aylangan Jorj Bush ham Obamaga telefon qilib, uni g'alaba bilan qutlagan.
Bush muddatni tugatar ekan, reytingi 30 foizdan ham tushib ketgan.
Respublikachi
safdoshiga ovoz bergan Bush, saylov kampaniyasining so'nggi kunlarida ommaviy chiqishlarni kamaytirdi.
Amerika 4 noyabr kuni nafaqat prezidentga, balki Kongress, mahalliy hokimiyatlar va qator qonun loyihalari uchun ham ovoz berdi.
435 o’rinli Vakillar Palatasiga ikki
yillik muddat uchun va 100 o’rinli Senatga olti-yillik muddat uchun shiddatli kurash kechdi. Saylov natijasiga ko'ra, demokratlar har ikki palatada ko'pchilikni tashkil etishda davom etadi.
Siyosatdon Alan Lixtman tahlilicha xalq respublikachilarning sakkiz yillik siyosatidan charchagan. Ammo, deydi tahlilchi, demokratlar ham farishta emas.
"Kongressda o’tgan ikki yildan beri hukmron bo’lsa-da, Iroq va Afg’onistondagi urush va iqtisod bilan bog’liq muammolarni yecha olmadi",-deya xulosa qiladi Lixtman.
Jahon ahli
Amerikadagi saylovoldi manzara va saylovlarni yaqindan kuzatdi.
Yevropa va Osiyodan kelayotgan xabar shuki, jamoatchilik Barak Obamaning prezidentlikka saylanganidan bag'oyat xursand.
Ayniqsa Yaqin Sharq aholisi katta hayajonda. Odamlar Barak Obama ma'qul desa, sharhlovchilarga ko'ra, rahbarlar xabardan u qadar quvonchda emas.
Livanlik tahlilchi Pol Salimning sharhlashicha, arab dunyosida hukumatlar zimdan Makkeyn saylansin deb umid qilgan. Chunki ular Makkeyn va uning siyosiy qarashlari bilan yaxshi tanish.
Bushni gegemon siyosatda va islom dunyosi yuziga oyoq bosganlikda ayblovchi xalqlar uchun Obamaning saylanishi ijobiy o’zgarishlarning boshlanishidir, deydi sharhlovchilar.
Obama nazarida Amerika o’tgan sakkiz yil ichida erkinlik elchisi degan nomidan ayrilgan.
“Dunyo bilan bog’lanib, xalqlar dardiga quloq tuta boshlaymiz”,- deydi Obama.
AQShning yangi rahbarini cheksiz xalqaro va mahalliy masalalar kutmoqda.
Yanvar oyida prezidentlik qasamyodini keltiradigan Obama muammolar ustida ishlashga tayyor ekanini bildirmoqda. "Vitse-prezidentim Jo Bayden yaqin maslahatchim bo'ladi",- deydi u.