Ukrainaning NATOga qo'shilish istagi qo'shni Rossiyani asabiylashtirmoqda. Harbiy blokka a'zo davlatlar qurshoviga tushib qolishni istamagan Rossiya Ukrainani bu yo'ldan qaytarish uchun iqtisodiy va siyosiy chora ko'rmoqda. Ammo ba'zi mutaxassislar nazarida Rossiyaning xavotiriga sabab yo'q, chunki ukrainlarning aksariyati NATOga qo'shilishni istamaydi. Rasmiy Kiyev a'zolik talablariga javob bergani ham yo'q, deydi ular.
Ukrainaning NATOga a'zo bo'lishiga asosan mamlakatning Rossiya ta'siri ostidagi sharqiy va janubiy hududlarida yashovchi va rus tilida so'zlashuvchi ukrain va ruslar qarshi. Rossiya tasarrufidagi Qora dengiz floti joylashgan Sevastopolda ham aholi Rossiya bilan yaqin aloqada bo'lish tarafdori. Ayniqsa Sovet davrida yashagan ulug' yoshdagi odamlar.
Rossiya bilan yaqinlashish siyosatini targ'ib qilayotgan faollardan biri Albina Gontovaya bir kun kelib Sevastopoldagi Rossiya kemalari o'rnini NATO kemalari egallashidan xavotirda.
Sevastopolga 18-asr oxirida rus imperatori Yekaterina II davrida asos solingan. Hozir Ukrainaga qarasada, 350 ming kishilik shahar aholisining 70 foizdan ziyodini ruslar tashkil qiladi.
Shahar kengashi a'zosi Gennadiy Basovning aytishicha, Ukrainaga NATOda a'zolik zarur emas.
"NATO mudofaaga qaratilgan tashkilot. Ukrainani kimdan mudofaa qilish kerak? Aksincha, NATO Iroq, Afg'oniston va Pokistonga qo'shin yuborgani uchun bosqinchi tashkilot bo'lib ko'rinmoqda, Ukraina shu sabab ham u bilan aloqa qilmagani ma'qul," deydi Basov.
Aprel oyida NATOning Buxarestdagi sammitida Rossiyaning ayrim a'zo davlatlarga bosimi ostida Ukrainani alyansga qabul qilishga qaratilgan arizasi qabul qilinmadi. NATO a'zolikka nomzod davlatlardan ma'lum harbiy va demokratik talablarga rioya qilishni so'raydi.
NATOning Ukrainadagi vakolatxonasi 11 yildan beri faoliyat ko'rsatadi.
Alyans vakili Mishel Dyurayning aytishicha, NATO deganda faqatgina tanklarni tushunmaslik kerak. Alyans atrof-muhit, ijtimoiy beqarorlik, kibernetik xavfsizlik bilan ham shug'ullanadi.
Kreml NATOning sharq tomon kengayishiga qarshi. Vladimir Putin prezident bo'lgan paytida "agar Ukraina NATOga kirsa, Rossiya yadro qurollarini unga qaratib qo'yadi" degan edi.
Ukraina parlamentidagi ayrim qonun chiqaruvchilar ham hukumatning bu rejasiga qarshi.
Deputat Dimitro Tabachnikning aytishicha, Ukraina NATOga a'zo bo'lishdan ko'ra, Yevropa Ittifoqi tarkibiga kirgani afzalroq.
"Ba'zilar NATOga iqtisodiy jihatdan kuchli davlatlar to'plangan desada, haqiqatdan ham boy va o'ziga to'q davlatlar NATOga a'zo emas, jumladan, Avstriya, Shveysariya, Finlyandiya va Shvetsiya," deydi Tabachnik.
Ayrim tahlilchilar nazarida Ukraina ko'p qirrali tashqi siyosat olib borishga ahd qilgan bo'lsada, uning NATOga a'zo bo'lishi buni qiyinlashtiradi.