Barak Obama qanday tashqi siyosat yuritadi?

AQShda prezidentlikka saylangan Barak Obama tashqi siyosatda katta o'zgarishlar va'da qilmoqda. Obama 20 yanvar kuni rasman lavozimga kiradi. U tashqi siyosatda ko'proq diplomatiyaga tayanishini, harbiy kuchdan so'nggi chora sifatidagina foydalanishini aytmoqda.

Saylovdagi g'alabasidan so'ng Chikagoda qilgan nutqida, Barak Obama Amerika jahondagi yetakchi rolini yangilaydi deb aytgan.

"Dunyoni yemirmoqchi bo'lgan odamlarga gapim shu - biz sizni mag'lub qilamiz. Tinchlik va barqarorlikka intilayotganlarni esa qo'llab-quvvatlaymiz. Amerika mash'alasi hali ham yorug'mi deb shubhalanayotganlarga millatimiz haqiqiy kuchini boyligimiz ko'lami yoki qurollarimiz qudratidan emas, balki oliy maqsadlarimizning so'nmas kuchidan olishini bugun yana bir isbotladik," degan edi AQShning yangi saylangan prezidenti.

Obama Qo'shma Shtatlarni himoya qilish va kuchaytirishda harbiy kuchdan ko'ra diplomatiyaga ko'proq tayanishga va'da berdi. Saylov kampaniyasi davrida Obama Eron kabi AQShni suymaydigan davlatlar rahbarlari bilan muzokara qilishga tayyor ekanini aytgan edi.

Eron prezidenti Mahmud Ahmadinejod Obamani saylovlardagi g'alabasi bilan tabriklab maktub yo'llagan. Obama maktubni o'rganib, tegishli ravishda javob berishini aytgan.

Prezident Jimmi Karter davrida milliy xavfsizlik maslahatchisi bo'lgan va ayni damda Obamaga tashqi siyosat masalalari bo'yicha maslahatchilik qilayotgan Zbignev Bjezinskiyning aytishicha, Eron bilan uning atom dasturi bo'yicha muzokaralar samara beradi.

"Jiddiy muloqot to'qnashuvga yetaklovchi g'animlik va do'q-po'pisalardan yaxshiroq siyosatdir. Afg'oniston, Pokiston va Iroqdagi vaziyatni hisobga oladigan bo'lsak, Amerika uchun dunyoning u burchagida yana bir urush ortiqcha. Bu mintaqa va AQSh uchun xatarli," deydi Bjezinskiy.

Obama fikricha, Afg'onistondagi mojaroni Pokiston chegarasidagi xurujlarga barham bermay turib hal qilib bo'lmaydi. Pokiston hukumati hozircha buning uddasidan chiqayotgani yo'q.

Vashingtondagi Vudro Vilson nomidagi tahlil markazi xodimi Robert Xetaveyning aytishicha, Pokiston masalasi Obama uchun katta bosh og'riq bo'ladi.

"Pokiston jar yoqasida turibdi. Bu aholisi soni bo'yicha dunyodagi oltinchi yirik davlat. Yadro quroliga ega. Ayni damda juda ham beqaror. Ham siyosiy, ham iqtisodiy jihatdan," deydi tahlilchi.

Barak Obamaning o'tmishi AQShning oldingi rahbarlarnikidan farq qiladi. Otasi keniyalik, onasi AQShning Kanzas shtatidan. Yoshligining bir qismini Indoneziyada o'tkazgan.

Bularning barchasi, deydi tahlilchi Robert Xetavey, unga o'zgacha tajriba beradi.

"Obama AQShdagi ozchilik etnik guruh vakili. Bu esa unga oq tanlilar his qila olmaydigan masalalarda ustunlik beradi," deydi Xetavey.

Balki shu sabab ham Obama iyul oyida qilgan xorijiy safarida iliq kutib olingan edi. Yangi prezident yanvar oyidagi inauguratsiya marosimidan so'ng mamlakat oldidagi dolzarb va haqiqiy tashqi muammolar ustida ishlashga kirishishi kerak bo'ladi.