Obama uchun 100 kunlik sinov...

1933 yilda Buyuk Depressiya hukm surgan bir pallada, AQSh tarixidagi eng mashhur prezidentlardan biri – Franklin Delano Ruzvelt – 3 oy ichida keng miqyosli iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar dasturi bilan chiqqan.

Amerikada yangi saylangan rahbarlarning ilk yutuqlari ana shunday qisqa vaqt ichida qanday ishlarni bajara olishi bilan o’lchanadi. Barak Obama yanvar oyida ishga kirishar ekan, unga Bush ma’muriyatidan bir qancha masalalar meros bo’lib o’tmoqda.

Raqibi Jon Makkeynni yengib, ishonchli g’alabani qo’lga kiritgan Barak Obama oldida yechimini kutayotgan bir dunyo muammo turibdi. Amerika xalqi undan islohotlarni kutmoqda.

Saylovdan so’ng jurnalistlar bilan ilk suhbatda Obama diqqatni dastavval iqtisodiy masalalarga qaratishini aytgan.

"AQSh iqtisodiyoti zaiflashib borar ekan, mamlakatda ishsizlar soni ortmoqda. Ularni nafaqa-kompensatsiya to’lash orqali ijtimoiy himoya qilish, ishsizlik sug’urtasi bilan ta’minlash zarur", - deydi Obama.

U saylov kampaniyasi davomida bu haqda bot-bot gapirgan va vaziyatni o’nglash uchun Kongress bilan yaqindan ishlashga so’z bergan.

Prezidentlar Kongress va Amerika xalqi oldida yillik murojaatida mamlakatdagi iqtisodiy-ijtimoiy ahvol va hukumat oldida turgan vazifalar haqida hisobot berib turadi. Ammo qonunchilar har doim ham prezidentga ergashmaydi, deydi tahlilchi Brayan Darling.

"Prezident demokrat va respublikachilarni hamkorlik qilishga chaqirishi, Kongressga taklif bilan chiqishi mumkin. Biroq loyihani yozish, muhokama qilish, unga tuzatish kiritish qonunchilar qo’lida. Hujjat nimalarni o’z ichiga olishini ham ular hal qiladi", - deydi Brayan Darling.

Bu safar Oq uyga demokrat prezident saylanishi bilan birga Kongressning har ikki palatasida ham demokratlar ko’pchilik o’rinni egallashdi. Tarixchi Alan Lixtman nazarida bu prezident ishini ancha osonlashtiradi.

"Yangi rahbar saylangach, vaqtni boy bermasdan kampaniya davomida bergan va’dalarini darhol bajarishga kirishgani ma’qul", deydi Lixtman. Chunki xalq yangi rahbardan o’zgarish kutadi.

"Prezidentlar Teodor Ruzvelt 100 kun ichida, Ronald Reygan 1 yil mobaynida o’z maqsadlarini amalga oshirgan", deydi u.

Respublikachilar endi Kongressda ozchilik bo’lsada, ularni ham hisobdan chiqarmaslik zarur.

Siyosatshunos Natan Gonzalez fikricha respublikachilar yangi demokrat prezident bilan hamkorlikka qanchalik tayyorligi noma’lum.

"Respublikachilar yangi ma’muriyatga tanqidiy baho beradi, ishini kuzatadi, Obama ilgari surgan takliflarga o’z munosabatini bildiradi", - deydi Gonzalez.

Barak Obamaga butun dunyo umid ko’zi bilan qaramoqda. Prezidentligining ilk oylarida tashqi siyosatga doir qarorlar qabul qilishi ham aniq. Turli davlat rahbarlari u bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirgan.

Siyosatshunos Mark Rom deydi-ki, Barak Obama jahon sahnasida Amerika obro’sini ko’tarishni bosh maqsad deb hisoblaydi.

“U xorijiy rahbarlar bilan uchrashib, AQSh ko’p tomonlama hamkorlikka tayyorligini, ittifoqchilar va boshqa davlatlar fikri bilan hisoblashib ish tutishini namoyish qiladi”, - deydi Mark Rom.

Barak Obama 20 yanvar kuni qasamyod qilib, prezidentlikka kirishadi.