AQSh Afg'onistonga yuk yuborishning muqobil yo'llarini izlamoqda

Qo'shma Shtatlar Afg'onistondagi askarlari uchun turli-xil anjomlarni yetkazishning muqobil yo'llarini izlamoqda. Pokiston-Afg'oniston chegarasida jangarilar faollashgani bois, yuklarni manzilga yetkazish qiyinlashgan.

AQShning Afg'onistondagi kuchlari uchun yuborilayotgan oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa anjomlar avval Pokistonning Karachi portiga yuboriladi.

So'ng yuk mashinalariga ortilib qabilalar yashovchi va zo'ravonliklar kuchaygan shimoli-g'arbiy hududlar, undan keyin Xaybar dovoni orqali qurollangan soqchilar nazorati ostida qo'shni Afg'onistonga yetkaziladi.

Assoshieytid Press axborot agentligiga ko'ra, oxirgi paytlarda jangarilar kolonnalarga hujum qilib, ba'zilarini o'g'irlab ketishga muvaffaq bo'lgan. Rasmiy Islomobod shu sabab yo'lni ma'lum paytga yopgan edi. Dushanba kuni yo'l qayta ochilib yuk mashinalarini 50 kilometrlik dovon orqali Pokiston askarlari nazorat qilgan.

Agentlikka ko'ra ayni damda NATO noharbiy yuklarni Markaziy Osiyo orqali Afg'oniston shimoliga olib o'tish bo'yicha muzokara olib bormoqda.

"Vashington Post" gazetasiga ko'ra, Markaziy Osiyo marshruti Pokistonga qaraganda uzoqroq bo'lishi mumkin. Yuk Yevropadan, Kavkaz va Markaziy Osiyo orqali o'tadi. Ayni damda Ozarbayjon, Qozog'iston va O'zbekiston bilan bu borada muloqot ketmoqda. Gruziya birinchi bo'lib AQSh iltimosiga rozilik bergan.

AQSh mudofaa vazirligi rasmiylarining aytishicha, Afg'onistondagi 67 ming askarni jihozlar bilan o'z vaqtida ta'minlash o'ta muhim. Ularning 32 minggi amerikaliklar, qolganlari esa NATOga a'zo boshqa davlatlar harbiylari.

Xalqaro koalitsiya qurollardan tashqari boshqa yukni Afg'onistonga yetkazish maqsadida temir yo'ldan ham foydalanmoqchi. Yuk Ukraina, Belarus, Rossiya, Qozog'iston va O'zbekiston orqali o'tishi aytilmoqda. Pentagon yiliga 50 ming vagon yuk jo'natmoqchi.