Amerikada ta’lim olish imkoniyatlari haqidagi haftalik radio ruknimizga
muxlislardan ko'plab savol va maktublar keladi.
Jahongir ismli muxlisimiz Qo'qon shahridan bizga xat yo’llabdi:
“Ko’p
yoshlar AQSh va boshqa xorijiy davlatlarda ta'lim olishni xohlaydi,
lekin o'qish pullik. Bu ular uchun muammo. AQShda masofaviy ta'limni
bepul olsa bo'ladimi? TOEFL testlarini bepul topshirish mumkinmi?”
Jahongir,
Amerikaning O’zbekistondagi elchixonasi veb-saytini sizga tavsiya
qilgan bo’lar edik. Elchixona qoshida ta’lim-maslahat markazi ham
ochilgan.
http://uzbekistan.usembassy.gov/
O’quvchi, talaba
va mutaxassislar uchun muntazam ravishda u yoki bu programmalar e’lon
qilinadi. Masalan, hozir UGRAD (Global Undergraduate Exchange Program)
– bakalavrlikda o’qiyotgan talabalar uchun bir yillik dasturga
hujjatlar qabul qilinmoqda. Boshqa iqtidorli yoshlar bilan kuch
sinashishga to’g’ri keladi, albatta. Muhimi, bu programmalar bepul.
Masofaviy
ta’lim olish imkoniyatlariga kelsak, avval hikoya qilganimizdek, o’qishning bu usuli ham pullik. Maslahatimiz, AQSh hukumati,
elchixona tadqim etgan bepul ta’lim dasturlaridan foydalaning. Bu
programmalar soni har yili ko’paymoqda.
Ingliz tilini
qanchalik puxta bilishingizni sinovdan o’tkazuvchi TOEFLni topshirish
esa hamma uchun pullik. Biroq elchixona e’lon qilgan ba’zi dasturlar
doirasida qatnashchi bu testga bepul kiradi. AQSh elchixonasiga
murojaat qilib, shartlarni so’rab-surishtiring.
Tolmas ismli muxlisimiz savoliga o’tsak.
“AQShda qanday qilib o’qishni davom ettirsa bo’ladi? Hozir Rossiyada o’qiyapman”.
Tolmas, o’qishni qaysi yo’nalish bo’yicha, qanday shartlar asosida davom ettirmoqchisiz? Javob ana shunga bog’liq.
Mablag’
o’z hamyoningizdan to’lansa, istagan universitetga hujjat
topshirishingiz mumkin. Universitetlar haqida esa internetdan ko’plab
ma’lumot topish mumkin. Albatta, ingliz tilini bilish asosiy talab.
Imkoniyat tug’ilsa, bir nechta ta’lim dargohiga hujjat jo’natib
qo’ying.
Nimalar talab qilinishi har bir maskan veb-saytida
batafsil aytiladi. Darvoqe, bankda yetarli mablag’ borligini tasdiqlash
kerak bo’ladi. Yillik o’qish esa kamida 20 ming dollar atrofida. Lekin
har bir universitetda moliyaviy yordam dasturlari ham bor. Ular uchun
tanlovda qatnashishga to’g’ri keladi.
Agar bepul o’qish haqida
o’ylanayotgan bo’lsangiz, AQSh elchixonasi veb-sayti siz uchun foydali
manba. Biroq bu ta’lim programmalarining muhim sharti shuki, qatnashchi
dasturga qabul paytida vatanida, ya’ni O’zbekistonda bo’lishi kerak.