Avtokratiyadan demokratiya sari... Siyosiy tajribalar

Suronli 1990-yillarda sharqiy Yevropa va Boltiqbo’yi davlatlari Sovet Ittifoqi iskanjasidan qutulib, G’arb tashkilotlariga qo’shilish ilinjida siyosiy-iqtisodiy islohotlarni boshlab yuborgan edi.

Bugun jarayon bu davlatlar qo’shilgan Yevropa Ittifoqi va boshqa tashkilotlar doirasida davom etyapti.

Yaqinda Estoniya, Latviya, Litva, Polsha va Ruminiya sobiq rahbarlari Tallinda uchrashib, “avtokratiyadan demokratik boshqaruv sari” shiori ostida deklaratsiya qabul qilgan.

Tallin uchrashuvi Estoniya sobiq prezidenti Arnold Ruutel tashabbusi edi. Unda sobiq rahbarlar o’tish davrini boshdan kechirayotgan mamlakatlarga maslahat-ko’mak berishga ahd qilib, deklaratsiya imzolagan.

Maqsad diktatorlik tuzumi sarqitlarini tan olib, demokratiya tushunchasi tobora ildiz otayotganini qayd etish.

“Bunday mardona qaror ahamiyatini G’arbda ko’pchilik tushunmasligi mumkin”, - deydi siyosatshunos olim Pol Gobl.

Gobl fikricha demokratik boshqaruvni targ’ib qiluvchi Tallin deklaratsiyasiga mintaqa bo’ylab boshqa sobiq rahbarlar ham qo’shilsa ajabmas.

Rossiya bu borada biror izoh berganicha yo’q.

“Boltiqbo’yi davlatlari hamda Polsha va Ruminiya demokratiya va erkinlik tomon qanchalik ildam qadam tashlagan bo’lsa”,- deydi tahlilchi, “Rossiya so’nggi 8 yil mobaynida shuncha orqaga chekindi. Kreml pinagini buzmayotgani ehtimol ana shu tafovutni yanada oydinlashtiradi”.

“Kommersant” gazetasining Vashingtondagi muxbiri Dmitriy Sidorov sharhicha, Rossiya va Boltiqbo’yi davlatlari o’rtasidagi kuchli adovat haligacha davom etib kelmoqda.

Munosabatlarni u hatto sovuq urushga qiyoslaydi.

Tallin deklaratsiyasi zaminida yotgan hamkorlik, ayniqsa sobiq ittifoq a’zolari Ukraina va Gruziya naf keltirishi mumkin.

“Boltiqbo’yi mamlakatlari Polsha, Ruminiya Ukrainaga siyosiy-iqtisodiy ko’mak beradi oladi”, - deydi Sidorov.

“Tallinda imzolangan hujjat bu demokratik islohotlarga da’vat. Satrlar orasida bu mamlakatlarning Kavkazdagi voqealarga nisbatan munosabatini ham ilg’ab olish mumkin”.

Ya’ni, deydi Sidorov, Kremlning eski imperial hukmronlikni qo’msayotgan rahbarlari qo’shnilarni Gruziyada bo’lgani kabi kuch bilan jilovlash fikridan qaytishi lozim.

Polsha, deydi jurnalist Tomas Zalevskiy, islohotlar bobida, ayniqsa iqtisodiy jabhada ko’p narsa o’rgansa bo’ladigan davlat.

“Ammo Ukraina va Gruziyaning o’ziga yarasha muammolari bor. Gruziyada Abxaziya va Janubiy Osetiya masalasi … Ukraina hukumati va xalqining ikkiga bo’linib qolgani – Rossiyaga yon bosuvchilar va G’arb dunyosi bilan yaqinroq aloqada bo’lishni xush ko’radiganlar”.

Hozirda Bokuda ishlayotgan professor Pol Gobl nazarida Tallinda uchrashuvida ishtirok etgan besh davlat - Estoniya, Latviya, Litva, Polsha va Ruminiya bosib o’tgan yo’l muhim bir jihati bilan e’tiborga sazovor, ya’ni bu mamlakatlarda davlat va jamiyat qurilishida avvalo qonun ustuvorligini ta’minlashga urg’u berilgan. So’ngra navbat iqtisodiy-siyosiy islohotlarga.

“Ukraina va Gruziya”, - deydi Gobl, “sud-huquq tizimini isloh qilmay turib liberal, erkin jamiyatga aylanishi qiyin”.

Qo’shma Shtatlar bu ikki davlatning NATO, Shimoliy Atlantika Shartnomasi ittifoqiga kirishini yoqlab, diplomatik tashabbus boshlagan. Biroq NATOning Fransiya, Germaniya, Ispaniya va boshqa a’zolari nomzodlar avvalo belgilangan talab-shartlarni bajarsin demoqda.