Obama ekologiya bilan jiddiy shug'ullanishga va'da bermoqda

AQSh yangi rahbari Barak Obama bo'lg'usi ma'muriyatida ekologiya va energetika masalalari ustida ishlaydigan rasmiylarni tayinlagan. Atrof-muhit muhofazasi bilan shug'ullanuvchi guruhlar nomzodlardan ko'ngli to'lganini aytib, Obamani iqlim o'zgarishi va boshqa ekologik muammolarni hal qilishga chaqirgan.

"Millionlab odamlarni ekologik toza ish bilan ta'minlash, mamlakatni neftga tobelikdan ozod qilish, sayyoramizni kelajak avlodlar uchun saqlash zarur."

Bu - Barak Obamaning ekologiya va energetika siyosatidagi ustuvor vazifalardan. Bunday maqsadlarga erishish uchun Obama fikricha yonilg'ining muqobil manbalarini rivojlantirish zarur, chunki bu AQSh iqtisodiyoti, xavfsizligi va iqlim o'zgarishi bilan chambarchas bog'liqdir. Yaqinda Obama ushbu masala yuzasidan Nobel mukofoti laureati, mamlakatning sobiq vitse-prezidenti Al Gor bilan uchrashdi.

"Dadil harakat qilish vaqti keldi. Muammoni ortiq inkor etib bo'lmaydi. Olimlarimiz shuncha yillardan buyon bu haqida bong urib keladi. Davlat xavfsizligiga daxldor bu masala bilan zudlik bilan va jiddiy shug'ullanish lozim," deydi Obama.

Obamaning "yashil guruhi" tarkibida Kerol Brauner va fizika bo'yicha Nobel mukofoti sovrindori Stiven Chu energetika, Liza Jekson esa atrof-muhit muhofazasi bo'yicha siyosatga javob beradi. AQSh milliy bog'lari va etnik guruhlarga yordam berish dasturlari bilan shug'ullanuvchi ichki ishlar vazirligiga Kolorado shtatidan senator Ken Salazar tayinlangan.

Ekologik siyosat guruhi prezidenti Jin Karpinskining aytishicha, bu juda ham tajribali, iqtidorli, intizomli va pragmatik odamlar. O'tmishda har bir ishning uddasidan chiqa olgan.

"Yangi ma'muriyat tarkibida ham a'lo xizmat qiladi degan umiddamiz," deydi mutaxassis.

Obama taklif qilayotgan rejada Qo'shma Shtatlarning xorijiy yonilg'iga tobeligini tushirish, besh million yangi ish o'rinlarini yaratish ko'rsatilgan. Buning uchun Obama shamol, quyosh va geotermik energiyaga tayangan iqtisodiyot yaratish uchun kelasi 10 yil ichida 150 milliard dollar sarflamoqchi.

Vashingtondagi ekologik tashkilot rahbari Kris Flavin fikricha yashil energiya ko'p jihatdan arzondir.

"Masalan, elektrostansiyani yurgizishda shamol quvvati tabiiy gazdan arzon va buning uchun qo'shimcha mablag' kerak bo'lmaydi."

Flavin nazarida Obamaning ekologik siyosati va iqtisodiyotni jonlantirish borasidagi dasturi bir-biriga chambarchas bog'liq ekan, bunday imkoniyatdan to'liq foydalanish kerak.

"Atrof-muhit masalasida katta burilish kutilmoqda. Bu boradagi yutuqlar nafaqat havo tozaligiga, balki iqtisodiyot, yangi ish joylari, sanoat taraqqiyoti, yonilg'i tejami, yangi transport tizimlariyu ekologik toza imoratlarga olib keladi," deydi Flavin.

Yangi prezident Obama 2015 yilgacha 4 litr benzin va elektr quvvati bilan 240 kilometrgacha yura oladigan bir million dona mashina ishlab chiqarishni yo'lga qo'ymoqchi.

Yonilg'i tejamkorligi masalalarini o'rganuvchi nodavlat tashkilot rahbari Keyteri Kallaxan bu ish oson bo'lmaydi deydi.

"Mahsulot bozorga chiqquncha ma'lum vaqt o'tadi. Bir million dona bunday mashina chiqarish mumkin albatta, ammo bunga 10 yildan ko'proq vaqt ketsa kerak" deydi u.

Ekologik guruhlar Obama oldida iqtisodiyot, Iroq va Afg'onistondagi urushlar kabi boshqa dolzarb muammolar ham borligini tan olsada, kelajakka optimistik ruhda qaraydi. Yaqinda ular 400 sahifali hisobot chop etib yuzlab tashabbuslarni olg'a surgan va Obama prezidentligi davrida ularning ko'pini amalga oshirishga umid qilmoqda.