Bush siyosatidan ko’ngli to’lmagan Kreml Barak Obamadan qator o’zgarishlarni kutmoqda. AQSh-Rossiya aloqalari ancha taranglashgan. Bunga NATOning sharq tomon kengayish rejasi, Amerikaning Sharqiy Yevropada mudofaa tizimini o’rnatish harakatlari va Gruziyadagi urush sabab bo’lgan.
Barak Obama prezidentlikka saylangani jahon bo’ylab iliq kutib olinsa-da, Rossiya hukumati voqeani olamshumul o’zgarish deb qabul qilgani yo’q.
Prezident Dmitriy Medvedev Obamani g’alaba bilan tabriklamadi. Katta gapirib, Rossiya Litva va Polsha biqinidagi Kaliningrad hududida qisqa masofani nishonga oluvchi raketalar joylashtiradi deya e’lon qildi. Bu AQShning mintaqadagi mudofaa tizimlariga javob. Vashington ushbu sistema Rossiyaga qarshi emas deydi.
Rossiya AQSh yaqinidagi davlatlar Venesuela va Kuba bilan aloqalarni mustahkamlamoqda va o’z harbiy kemalarini bu mamlakatlar tomon jo’natgan.
Shu bilan
birga Medvedev Amerikaning yangi rahbari bilan uchrashishga ham tayyor.
“Bizningcha bu uchrashuv qancha tez yuz bersa, shuncha yaxshi. Biz
janob Obamaning ushbu muloqot kechikmasligi va hech qanday shartlarsiz o’tishi
haqidagi fikriga qo’shilamiz”,- deydi Medvedev.
Barak Obamani Oq Uyda cheksiz muammolar kutmoqda, xususan ikki davlatdagi urush va kun sayin og’irlashayotgan iqtisod, moliyaviy inqiroz…
Aynan shu bois ham, deydi tahlilchi Aleksandr Konovalov Rossiya masalasi AQSh uchun hozir eng muhim muammo emas.
“Menimcha Obamaning kun tartibi shunday bo’ladi: iqtisodiyot va yana iqtisodiyot; Iroq, Iroq va yana Iroq; Afg’oniston, Afg’oniston va yana Afg’oniston. Balki, agar fursat va imkon topilsa, Rossiyaga e’tibor qaratishi mumkin”,- deydi Konovalov.
Obama saylov kampaniyasi davrida Rossiyani tez-tez tilga oldi va u bilan hamkorlikni oshirish kerak deb ta’kidlab keladi. Xususan atom qurollarini yoymaslik va terrorga qarshi kurash bobida. Lekin uning fikricha, Rossiya qo’shni davlatlar, masalan, Gruziyaga bosim o’tkazmasligi kerak.
Bu siyosiy bayonotlar xolos, deydi Moskvadan tahlilchi Viktor Kremenyuk. Rossiya va AQSh o’zaro manfaatlar yo’lida ko’p sohalarda birga ishlashga majbur, deydi u.
“Nafaqat moliya va biznes, nafaqat yadroviy qurol va materiallarni yoymaslik, balki global iqlimdagi salbiy o’zgarishlar, energetika va boshqa yana ko’plab murakkab masalalar bor”,- deydi Kremenyuk.
Rossiya AQShni gegemon siyosatda ayblab, jahonda yangi tartib tuzish kerak deb keladi. Kreml nazarida bugun global maydonni faqat Amerika egallab olgan.
Sobiq Sovet rahbari Mixail Gorbachev fikricha esa hozirgi moliyaviy tanazzul dunyo xalqlari ko’p sohada Qo’shma Shtatlarga tayanishini ko’rsatmoqda.
“Amerika muhim davlat. U qanchalik qudratli, demokratik va ishonchli bo’lsa, undan nafaqat amerikaliklar, balki jahon ahli ham shuncha foyda ko’radi. AQSh qiynalsa, hamma qiynalayapti”,- deydi Gorbachev.