Jahon ahli Ga’zo sektorida davom etayotgan zo’ravonlikni xavotir bilan kuzatmoqda.
Ikkinchi kundirki, Isroil havo kuchlari Xamas jangari guruhi nazorat qiluvchi bu hududni bombardimon qilib, kamida 280 kishini o’ldirgan.
Isroilning bildirishicha, bu Xamasning to’xtovsiz hujumlariga javobdir va operatsiya ko’lami keragicha kengaytiriladi.
Musulmon dunyosi Isroil hujumlarini qattiq qoralayotgan bo’lsa, Qo’shma Shtatlar fikricha voqeada Xamas tashkiloti aybdor. “Isroil-Xamas o’rtasidagi sulh bitimi o’tgan hafta nihoyasiga yetgan, Xamas yangi kelishuvga ko’nishi zarur”, - deydi AQSh rasmiylari.
Falastin prezidenti Mahmud Abbos fikricha ham xunrezlikka chek qo’yishning yagona yo’li yahudiy davlati bilan tinchlik sulhini uzaytirishdir. Qohiraga safar qilayotgan Abbos Xamas rahbariyatini sulhga ko’nishga chaqirgan.
Xabarlarga ko’ra, Isroil qiruvchi samolyotlari G’azo bo’ylab Xamasning 40 dan ortiq inshootini yakson qilgan. G’azo sektori dunyoning aholi eng zich joylashgan nuqtalaridan biri. Tabiiyki, hujumlardan asosan oddiy aholi jabr ko’rmoqda. Isroil piyoda askarlarini ham sektorga kiritishi mumkin.
22 a’zoli Arab Ligasi rahbari Amr Musa hujumni “aqlga sig’mas vahshiyona harakat” deya qoralagan. Tashkilot bugun favqulodda majlis o’tkazmoqda.
Yaradorlar soni 700 ga yetar ekan, Misr G’azo bilan chegarani ochgan, biroq ayrim xabarlarga ko’ra Xamas hozircha hech kimni chegaradan chiqarmayapti.
Isroil Tashqi ishlar vazirasi Tsipi Livni xalqaro hamjamiayatga murojaat qilib, Xamasga qarshi keskin chora ko’rishga majbur bo’ldik dedi.
“Xamas butun Yaqin Sharq mintaqasida adovat va nafrat qo’zg’atuvchi, Eron tomonidan qo’llab-quvvatlanayotgan ekstremist tashkilot. Dunyo ommasi tushunishi kerakki, Isroil o’zini, fuqarolarini himoya qilishga haqli. Bundan o’zga chora yo’q”, - deydi Tsipi Livni.
BMT, Britaniya Tashqi ishlar vaziri Gordon Braun, Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vaziri Xavier Solana va Yaqin Sharq bo’yicha maxsus elchi Toni Bleyer harbiy harakatlarni darhol to’xtatishni so’ragan.
Oq uy so’zlovchisi Gordon Jondro Xamasni “bir to’da qaroqchilar” deb atab, Isroil o’zini ulardan himoya qilyapti, xolos, deydi. “Isroil unga otilgan yuzlab raketalarga javob berayotganini tushunamiz, biroq G’azo aholisini ayab ish tutishi lozim.”
AQSh bo’lajak prezidenti Barak Obama ayni damda ta’tilda. Unga G’azodagi vaziyat bo’yicha ma’lumot yetkazilyapti, deydi Oq uy rasmiysi. AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays esa Xamasni o’rtadagi sulhni buzganlikda ayblamoqda.
BMT Xavfsizlik Kengashi ham favqulodda yig’ilish o’tkazib, tomonlarni tinchlikka da’vat etmoqda. Biroq Isroil G’azo chegarasiga qo’shimcha bo’linmalar yuborib, yerdan hujum uyushtirishga tayyorgarlik ko’rayapti. Operatsiya boshlanganidan beri Xamas Isroilga qarata 50 dan ortiq raketa otgan. Bir kishi o’lgani ma’lum.
“Isroil xalqi tinchlikda yashashni istaydi va Falastin bilan muzokaralarni davom ettiryapti”, - deydi bu mamlakatning BMTdagi elchisi Gabriela Shalev, tanqidlarga javoban.
Isroil Bosh vaziri Yaxud Olmertning ta’kidlashicha, harbiylar G’azo aholisini emas, Xamasni nishonga olmoqda.