Tsipi Livni: Isroil "terrorchilar" bilan murosa qilmaydi

Isroil piyoda, dengiz va havo kuchlarining G’azo sektorida Xamas jangari guruhiga qarshi operatsiyasi davom etmoqda.

G’azo markazida bugungi to’qnashuvlarda 5 kishi, hujum boshlanganidan beri esa 500 dan ortiq odam halok bo’lgan. Isroil ikki askarini yo’qotgan, 30 nafari jarohatlangan.

Ammo Ga’zodan aniq ma’lumot olish qiyin - sektorga xorijiy jurnalistlar qo’yilmayapti. Harbiy operatsiya, deydi Isroil rasmiylari, uzoq muddatli tinchlikka erishilmaguncha davom etadi. “Maqsad G’azoni qayta bosib olish emas, Xamasning Isroilga raketa hujumlarini to’xtatish”, - dedi prezident Shimon Peres.

Isroil 3 yanvar kuni tunda G’azoga piyoda qo’shin kiritib, Xamasga qarshi harbiy operatsiyasini kengaytirdi. Xabarlarga ko’ra sektorning aholi zich joylashgan qismi – 400 ming odam yashaydigan G’azo shahri qurshab olingan. Natijada hudud ikki ikki qismga – shimol va janubga bo’linib qolgan.

Isroil havo kuchlari asosan jangarilar raketa otish uchun qo’llaydigan manzillar, qurollangan shaxslar, tunnellar va Xamas rahbarlarining uylarini mo’ljalga olmoqda.

Falastinlik jurnalist Muhammad Davas vaziyatni tasvirlashicha, “G’azo aholisi kunning yarmini yegulik qidirish bilan, qolganini bombalardan yashirinish bilan o’tkazmoqda. G’azo sektori dunyoning aholi eng zich joylashgan nuqtalaridan biri. Uylarda na elektr toki, na suv, hech narsa yo’q, odamlar dahshatda”.

BMT kabi xalqaro tashkilotlar hudud gumanitar inqiroz yoqasida deb ogohlantirmoqda. O’lganlar soni soat sayin oshib bormoqda, ayniqsa tinch aholi orasida.

Isroil hukumati so’zlovchisi Mark Regev “yagona maqsad Xamas jangarilarini yo’q qilish; bu guruh Isroil chegarasidagi 1 million aholiga tahdid solmoqda”, - deydi. Uning aytishicha Xamas Isroil bilan sulh shartlarini buzgach, harbiy kuch safarbar etishdan o’zga chora qolmadi.

Ammo deyarli 1,5 million aholiga ega Ga’zoni boshqaruvchi Xamas guruhi Isroilga bo’yin egmasligini aytib, “sektor Isroil askarlarining qabristoniga aylanadi” deb va’da bergan. Falastin prezidenti Mahmud Abbos hujumni “vahshiy agressiya” deb qoralamoqda.

Lekin AQSh vitse-prezident Dik Cheyni Isroil operatsiyasini himoya qilmoqda. “Isroil AQSh maslahatini olgani yo’q, ammo o’zini himoya qilishga haqli. Bu davlat Xamas hujumlariga uzoq vaqt chidadi, natijada vaziyat izdan chiqdi”, - deydi Cheyni.

Bush ma’muriyati zo’ravonlikda Xamasni ayblamoqda. Har qanday sulh uzoq muddatli va barcha uchun majburiy bo’lishi shart, deydi Bush. Biroq Falastin rasmiylarining aytishicha muzokara qilishga vaqt yo’q – G’azo insonparvarlik yordamiga muhtoj.

“Isroil hoziroq hujumlarini bas qilishi kerak”, - deydi Falastin muzokarachisi Soib Erekat, “toki xalqaro hamjamiyat G’azo ahliga yordam bera olsin”.

BMT Bosh kotibi Ban Ki Mun ham shunday chaqiriq bilan chiqqan. Ammo Xavfsizlik Kengashining hujumlarni darhol tugatish to’g’risidagi bayonotiga AQSh veto qo’ygan.

Yevropa Ittifoqi tomonidan ham dilomatik harakatlar avjida. Yevropa rasmiylari, jumladan Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi va tashqi aloqalar uchun mas’ul Xavier Solana bugun Isroil va qator arab davlatlariga safar qilmoqda. Muzokara takliflariga javoban, Isroil Tashqi ishlar vazirasi Tsipi Livni “terrorchilar” bilan gaplashmaymiz demoqda.

Arab ommaviy axborot vositalari G’azo istilosini uzluksiz yoritar ekan, qator mamlakatlarda, Marokash, Suriya, Jazoir, Misr, Iordaniyada namoyishchilar ham Isroil hujumini, ham arab rahbarlarining sukut saqlayotgani va tarqoqligini qoralamoqda.

Arab Ligasi so’zlovchisi Hisham Yusuf “G’azoda nima bo’layotgani va bunga dunyo bo’ylab munosabat qanday ekanini bilish uchun televideniyeni tomosha qilsangiz bas. Nafaqat arab dunyosi g’azabda, millionlab odam bu vahshiylikni to’xtatishni talab qilmoqda”, - deydi.

Isroil Mudofaa vaziri Yaxud Barak ta’kidiga ko’ra “Xamasga kuchli zarba berildi, lekin operatsiyani tugatishga hali erta”.