AQShda rahbariyat o’zgarar ekan, vitse-prezidentlikka 66 yoshli tajribali siyosatchi Jo Bayden kelmoqda.
Oxirgi 16 yil ichida, ya’ni
Bill Klinton va Jorj Bush prezidentlik qilgan davrda Amerikada
vitse-prezidentlarning qudrati oshdi.
AQSh konstitutsiyasi
prezident o’rinbosariga u qadar katta vakolatlar bermaydi, lekin
prezident chet elga safarga chiqsa yoki biror sabab bilan vazifasini
bajara olmasa, davlatni boshqarish vitse-prezident zimmasiga o’tadi.
Dik Cheyni Bushning nafaqat eng yaqin maslahatchisi bo’ldi balki ham
ichki, ham tashqi siyosatdagi yirik qarorlar ortida turdi.
Jo Bayden nafaqat saylov kampaniyasi, balki o’tgan 8 yildan beri Dik Cheyni tutgan yo’lni qoralab keldi.
"Dik Cheyni AQSh tarixidagi eng xavfli va layoqatsiz vitse-prezidenti bo’ldi desam adashmayman", - degan edi Bayden.
Dik
Cheyni Bush muovini sifatida mamlakat hayotining turli jabhalarida
muhim rol o’ynadi. Cheyni faqat maslakdosh emas, balki siyosatni
belgilagan va uning amalga oshishini ta’ minlagan shaxs, deydi tahliliy
asarlari va maqolalari bilan tanilgan jurnalist Barton Gellman.
"Cheyni
kuchli vitse-prezident bo’ldi. U shuningdek Amerika zamonaviy
tarixidagi eng usta siyosatchilardan biri. Bunga shubha yo’q", - deydi
u.
Janob Gelman Dik Cheyni vitse-prezidentligi haqidagi kitob muallifi.
"Cheyni
barcha muhim qarorlar ortida turdi. Boylarga soliqlarni kamaytirish,
terrorda ayblanganlarni qiynash, Iroqqa urush ochish, Oliy Sud
a’zolarini tayinlashgacha. Lekin qarorlarni u emas, Bush qabul
qilgan", - deydi jurnalist.
Cheynining o’zi esa “mening rolim
matbuotda bo’rttirib ko’rsatildi” deydi.
Uning fikricha Jo Baydenning
“vitse-prezident ta’sir kuchini kamaytirish lozim” degan iddaosi hech
bir asosga ega emas.
"Agar Bayden shunday qilmoqchi bo’lsa
omadini bersin, bu uning qarori. Biroq vitse-prezident qanday rol
o’ynashi prezidentga bog’liq. Bu Barak Obama qo’lida. Nazarimda Obama
Baydenning u qadar faol bo’lishini istamayapti", - deydi sobiq vitse-prezident.
Ken Uolsh Oq Uyda uzoq yillardan beri muxbirlik qilib
keladi. Uning taxminicha Bayden Obamaning o’ng qo’li bo’ladi. Lekin
Cheynidek mustaqil harakat qilmaydi.
"Bayden ilgari surayotgan
fikr shuki vitse-prezident davlat rahbarining bosh maslahatchi bo’lishi
lozim. O’zboshimchalik va diqqatni o’ziga tortish uning nazarida
parokandalikka yetaklaydi",- deydi jurnalist.
Bayden va Cheyni orasidagi yana
bir farq shuki, Bayden yuzma-yuz muloqotni, fikr almashishni xush
ko’radi. Cheyni esa, deydi tahlilchi Entoni Kordesman, parda ortidan
indamay, pinxona harakat qiladigan odam.
"Jo Bayden, uzoq
yillik senator, fikrini yashirmaydigan arbob. U oshkora ishlashni,
odamlarning yuziga gapirishni ma’qul ko’radi. Cheyni esa buning aksi.
Iloji boricha yashirin, maxfiy harakat qilishga o’rgangan", - deydi
tahlilchi.
Ken Uolsh nazarida Obama Baydenga ichki va tashqi siyosatda birdek tayanadi. Bayden tushunmaydigan soha yo’q, deydi tahlilchi.
"Bayden
30 yildan oshibdiki Vashingtonda siyosatchi. Tajribasi juda katta.
Tashqi siyosat deysizmi, davlat xavfsizligi, adliya tizimi – barchasini
ipidan ignasigacha biladi. Ilgari Volter Mondeyl Jimmi Karter uchun qanday
dastak va maslakdosh bo’lgan bo’lsa, Bayden ham Obamaning shunday o’ng
qo’li bo’ladi. Biroq qaror qabul qilish, Bush ta’biri bilan aytganda
prezident zimmasida", - deydi u.
Bayden Vashingtonda donishmand
arbob sifatida tanilgan. Ko’p gapirgani uchun uni ayrimlar ezma senator
deb ham atashar edi. Bayden esa “fidoiy amerikalikman” deydi. Vatan va
xalq manfaati uchun haqiqatni qayta-qayta aytishdan tolmayman, deydi
yangi vitse-prezident.