Inauguratsiya nutqida Amerikaning hech bir prezidenti musulmon dunyosiga alohida yoki to’g’ridan-to’g’ri murojaat qilmagan. Barak Obama esa islom olami bilan ishlashga tayyor ekanini aytgan.
Ammo shu bilan birga, deydi u, musulmonlar ham ochiq siyosatni qabul qilishi lozim. Turli davlatlar Obamaning chaqirig’iga turlicha munosabat bildirmoqda.
Obama musulmon jamiyatlari bilan hamkorlikni oshirish, yangicha muloqot tarafdori.
“O’zaro manfaat va hurmat asosida ishlashni istaymiz. Urush urug’ini sochishga urinib, o’z jamiyatidagi muammolarda G’arbni ayblaydigan rahbarlar shuni bilsinki, xalqingiz sizni nimani vayron qilayotganingizga qarab emas, nimani tiklayotganingizga qarab baholaydi”, - deydi Obama.
Aksariyat musulmonlar nazarida Obamaning gaplarida haqiqat bor: musulmonlar ham harakat qilishi kerak. Ayman Darag’ma, Xamas va Falastin qonunchilik kengashi vakili, Obamadan umidlar katta, deydi.
“Umid qilmasdan iloj yo’q, chunki Barak Obama islom dunyosi bilan yangicha ruhda gaplashamiz deyapti”.
Iroq hukumati esa AQSh qo’shinlari mamlakat sarhadini 2011 yilgacha butunlay tark etadi deya qayd etmoqda. Jorj Bush paytida shunday kelishuvga erishilgan.
“Iroq xalqi qo’shinlar erta, barqarorlikka erishilmay chiqib ketadi deya xavotirda edi. Biroq AQShning yangi hukumati izchil reja bilan chiqmoqda. Xavfsizlikni ta’minlash dolzarb masala. Iroq hukumati hamkorlikka tayyor”, - deydi Ali al-Dabbog’, Iroq hukumati so’zlovchisi.
Afg’onistonda Tolibon Barak Obama va uning siyosatini allaqachon qoralay boshlagan. Amerika Afg’onistondagi qo’shinlar sonini oshirmoqchi. Afg’onlar nazarida bu bilan mamlakat ancha tinchlanishi va qaddini rostlashi mumkin.
Afg’on yoshlari, jamoatchi faollar, ayniqsa xotin-qizlar orasida Barak Obamaning shuhrati baland. Shukriya Barakzay afg’on parlamenti a’zosi:
“Obamaning har bir so’zi va maqsadi aniq va ravshan. O’zaro hurmat va ishonch haqida gapiryapti. Musulmonlarning niyati ham shu emasmi”?
Barak Obama Eron xalqi va hukumati bilan ham har sohada muloqot boshlashga tayyor.
Islomiy tuzum Obamadan amaliy qadamlar kutayotganini bildirmoqda. Qo’shma Shtatlar o’tgan 30 yildan beri bu davlat bilan dushmanlarcha so’zlashib keladi. Ammo Tehron ko’chalari bugun umidga to’la.
“Hozir Eron uchun Amerika bilan rishtalarni tiklash va yaxshilash uchun qulay fursat. Chunki AQShni g’anim deb bilib, tashqi dunyo bosimiga uchrayapmiz. Undan qutulishning yo’li hamkorlik”, - deydi eronliklardan biri.
Obama nazarida Janubiy Osiyodagi notinchliklarda Kashmir mojarosining roli katta. Hindiston-Pokiston orasidagi bu nizo hal etilmas ekan, jangari harakatlari avj olaveradi deydi u.
Obamaning otasi keniyalik. Bugun bu mamlakat maktablariga Obamaning nomi qo’yilmoqda.
“Obama bugun global maydondagi eng qudratli shaxs. O’quvchilarimiz uchun ilhom manbai. Ularni tirishqoq, intiluvchan bo’lishga undaydi”, - deydi keniyalik o’qituvchi.
Siyosatdonlar fikricha Barak Obama global yetakchi, hozirgi qarashlarini o’zgartirmasa, umumbashariy taraqqiyotga beqiyos hissa qo’shgan inson bo’lib qoladi. Obama dunyoning barcha muammolarini yechib bera olmas, deydi ular, ammo kelajakka umid uyg’otmoqda.