AQShning 44-prezidenti Barak Obama islom dunyosi bilan yangicha muloqot boshlashga bel bog’lagan. Musulmon olamida bu tashabbus umid bilan kutib olingan.
Va’dani bajarish uchun Obama aniq va bexato qarorlar qabul qilishi kerak. Eng qaltis mavzulardan biri – Yaqin Sharq ziddiyati.
Obamaning prezident etib saylanishi O`zbekistonda ham quvonch bilan qarshi olingan.
U inson huquqlari, siyosiy islohotlar bo`yicha rasmiy Toshkent bilan samarali muloqot boshlaydi degan umid bor. Hozircha AQSh yangi ma`muriyatidan O`zbekistonga doir biror ishora kuzatilmadi.
Sharhlovchilar nazarida Afg’oniston mavzusi hamkorlikka turtki berishi mumkin, ayniqsa AQSh harbiylari Qirg`izistondagi bazadan chiqib ketsa.
Obama “Al-Arabiya” televideniyesiga bergan intervyusida barcha musulmon jamoalari bilan o`zaro manfaatli hamkorlikni yo`lga qo`yish lozimligi, demokratik islohotlar istagan davlatlarga yordam qo`lini cho`zish haqida gapirdi.
Sharhlovchilar fikricha, Obamaning tashabbusi, ayniqsa islom dunyosida anti-amerikanizm keskin oshgan bir paytda dolzarblik kasb etadi.
“Barak Obama AQShning obro'sini tiklashi mumkin. AQShning eng katta xatosi Iroqdagi urush bo’ldi. Bitta Saddam Husayinni deb qancha odamlar halok bo`ldi. Obama Iroqdan qo`shinlarni olib chiqib, Afg`onistonga yuboraman, tolibonga zarba berib, vaziyatni tinchlantiraman, deyapti”, - deydi tarixchi olim Fayzulla Is’hoqov.
“Ayb o'zi siyosatchilarda. 11 sentyabr voqealari ketidan islom davlatlariga, musulmonlarga terrorchi deb qarash kuchaydi. Obama bularni tahlil qilib, siyosat olib boradi. U bir tomondan nasroniylar, bir tomondan musulmonlarga ham tegishli - tushungan odam", - deydi inson huquqlari himoyachisi Sur’at Ikromov.
Huquq himoyachisi Abdulla Tojiboy o'g'lining aytishicha, Obama birinchi intervyusini arab televideniyesiga berishi muloqot uchun qo`yilgan qadamlardan biri.
Muxolifatdagi “Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov so’zlariga ko`ra, Obamaning islomga nisbatan siyosiy yondashuvida o`zgarish sezilmaydi.
“Terrorizm manbaini Amerika birinchi navbatda o'z siyosatidan izlashi kerak. Terrorizm - noto'g'ri siyosat mahsuli. Hozir vaziyatni hal qilish uchun ko'p mablag' ketayapti. Iqtisodiy tanazzul ham shunga bog'lanayapti”, - deydi Oripov.
Sharhlovchilar nazarida AQSh va islom dunyosi o'rtasidagi ziddiyat ko’proq Yaqin Sharq, Isroil-Falastin mojarosiga borib taqaladi.
AQSh prezidenti Barak Obama Yaqin Sharq muammosini tinch yo'l bilan hal etishga va'da bermoqda. Bu masala bo`yicha maxsus vakil ham tayinlagan.
“Bushning prezidentlik davrida AQSh tashqi siyosati xavfli ketayotgani, u asosan Isroil manfaatiga xizmat qilayotgani ayon bo`lib qoldi. Avval ham Amerika Isroilni qo`llab kelgan. Amerikada jamoatchilik “nega biz Isroilni bunchlik qo`llashimiz kerak, terrorizm darajasi rostdan ham shunchalikmi? Musulmon davlatlari bilan biz qachongacha kurashishimiz kerak”, degan masalani o`ylay boshladi”, - deydi sharhlovchi Komron Aliyev.
Sharhlovchilar ta'biricha, Isroilning Falastindagi harbiy operatsiyasi, jumladan, mingdan oshiq falastinlik qurbon bo'lgan so'nggi urush AQSh roziligi tufayli amalga oshirilganini islom dunyosi yaxshi biladi.
“Odamlar o`zaro suhbatda, choyxonalarda bularni kuzatib borayapti, muhokama qilayapti. Ko'pchilikda Isroil haqida yomon qarash shakllangan. XXI asrda bunday urush bo'lishi tarozining biror pallasiga to'g'ri kelmaydi. Isroil hukumati agressiyani to'xtatish haqidagi chaqiriqlarga bepisand ekani umuman tushunarsiz”, - deydi muxolifatdagi “Birlik” partiyasi vakili Hamdam Sulaymon.
“Terrorchilar... Nega ularning maqsadi ochiq yoritilmaydi? Maqsadi faqat insoniyatga qiron keltirish bo'lmasa kerak! Nazarimda Yaqin Sharqdagi voqealar terrorizmni keltirib chiqaruvchi o'zak... ”, - deydi o'zbekistonliklardan biri.
“Obama hozir qilayotgan ishlariga qaraganda vaziyatni o'zgartirishiga ko'zim yetmaydi. Chunki yondashuvi noto'g'ri. Xalqaro terrorizm o'zi nima? Bu hali o'rganilmagan. Uning manbalari nimadan iborat? Huquqiy ta'rifi bormi”? - deydi Otanazar Oripov.
“Avvalgi prezidentlar ehtimol keksaroq bo'lgani uchundir o'zgarish qilishni ko'p ham yoqtirmadi. Obama esa yosh, g'ayratli. AQShning avvalgi xatolarini takrorlamasa kerak”, - deydi sharhlovchi Bobomurod Razzoqov.