Qo’shma Shtatlar Shimoliy Koreya bilan normal munosabatlarga o’tishga tayyor. Sharti - bu kommunist tuzum yadro qurollaridan voz kechishga doir va’dasini bajarishi kerak.
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Osiyoga safari oldidan shunday bayonot bilan chiqqan. Uning aytishicha AQSh Xitoy bilan ham yangicha harbiy hamkorlik boshlamoqda.
Bu Xillari Klintonning Amerika tashqi ishlar vazirasi sifatida xorijga ilk safari. Nyu-Yorkda qilgan chiqishida, Klinton Shimoliy Koreya yadro dasturini Osiyo barqarorligiga eng katta tahdid deb atagan.
“Shimoliy Koreya atom dasturidan to’liq va ishonchli tarzda voz kechsa”, deydi Xillari Klinton, “Obama ma’muriyati u bilan tinchlik shartnomasi imzolab, mamlakatning energiya va oziq-ovqatga bo’lgan ehtiyojini qondirishga ko’maklashadi”.
Xalqaro yordam evaziga atom inshootlarini yopishga va’da bergan rasmiy Pxenyan tekshiruvlardan bosh tortmoqda. Yaqinda qo’shni Janubiy Koreya bilan tinchlik va hamkorlik to’g’risidagi barcha bitimlarni bekor qilib, ballistik raketa sinoviga hozirlik ko’rayotgani aytiladi.
Xillari Klinton Shimoliy Koreya bilan olti davlat ishtirokida o’tayotgan muzokaralar ish berishiga ishonch bildirgan. “Ammo Pxenyan o’zini provokotsion harakatlardan tiyishi shart”.
AQSh vazirasi Yaponiya, Indoneziya, Janubiy Koreya va Xitoyni o’z ichiga olgan safarga otlanmoqda.
“Moliyaviy inqirozdan tortib terrorizm va iqlim muammolarigacha, har bir masala yechimi Osiyo davlatlarining ishtirokini talab qiladi. Obama ma’muriyati bu davlatlarning har biri bilan yaqin hamkorlikka tayyor”, - deydi Xillari Klinton.