Obama ma'muriyati Suriya bilan aloqani yangilamoqda

AQSh Senatining tashqi aloqalar qo’mitasi raisi Jon Kerri Damashqda Suriya prezidenti Bashar al-Assad bilan uchrashgan. Uning fikricha, o’rtada real hamkorlik uchun imkoniyatlar mavjud.

AQSh qonunchilarining Suriyaga tashrifi ikki davlat o’rtasidagi aloqalar iliqlashayotganidan dalolat. Yaqin orada bu mamlakatga elchi tayinlanishi mumkin.

Suriya davlat televideniyesida AQSh Senatining yetakchi a’zosi Jon Kerri va prezident Bashar al-Assad o’rtasidagi uchrashuv keng yoritilgan. Kerrining aytishicha, prezident al-Assad Obama ma’muriyati bilan muloqotga tayyor ekanini hamda Iroq masalasida hamkorlik qilish istagini bildirgan.

Damashq-Vashington aloqalari Jorj Bush davrida ancha sovuqlashgan edi. AQSh Suriyani Xamas va Hizbulloh guruhlarini qo’llab-quvvatlayotganlikda, Iroq bilan chegarani yetarlicha nazorat qilmayotganlikda ayblagan. 2005 yilda esa Vashington Livan Bosh vaziri Rafiq Xariri o’limida Livanning qo’li bor deya, elchisini chaqirib olgan edi.

O’rtada munozarali masalalar ko’p. Davlat departamentining ma’lum qilishicha, kelasi hafta Suriyaning AQShdagi elchisi Imad Mustafo bilan uchrashuv belgilangan. Tomonlar aloqani yangilash imkoniyatlariga to’xtaladi.

Britaniya matbuoti bilan suhbatda, prezident Bashar al-Assad AQSh yaqin orada uning mamlakatiga elchi tayinlashiga ishonch bildirgan.

Qohiradagi muxbirimiz xabariga ko’ra, shu kunlarda Suriya davlat matbuotida Vashingtonga nisbatan odatiy bo’lgan tanqidiy maqolalar kuzatilmayapti. AQSh Yaqin Sharqdagi muammolarni hal qilishda Suriya rolini tan olmoqda, deb yozadi Damashq gazetalari.