Sobiq elchi: AQSh-Qirg'iziston aloqalari ko'ngildagidek emas

AQShning Qirg'izistondagi sobiq elchisi Jon Okifning aytishicha, rasmiy Bishkek Amerika harbiylarini "Manas" aviabazasidan chiqarishga qaror chiqarib, tashqi siyosatdagi o'z imkoniyatlarini cheklamoqda. Xususan Xitoy va Rossiya bilan turli masalalar yuzasidan o'zini muvozanat vositasidan ayirmoqda. Qirg'izistonning AQShdagi sobiq elchisi Baktibek Abdurisayev ham o'xshash fikr bildirgan.

Baktibek Abdurisayev 2005 yil mart oyidagi "lolaqizg'aldoq" inqilobigacha 9 yil Qirg'izistonning AQSh va Kanadadagi elchisi bo'lgan. So'nggi to'rt yil davomida esa Yuta shtatidagi universitetda dars beradi. Uning aytishicha, inqilob hokimiyat tepasiga AQShga befarq rahbarlarni keltirdi.

"Yangi hukumatning tashqi siyosatdagi yo'nalishlari sekin suratda o'zgara bordi. Ammo bugunga kelib, ayniqsa baza bilan bo'lgan voqeadan so'ng, AQSh bilan munosabatlar batamom o'zgardi. Bu bilan Akayev davri tugadi desak mubolag'a bo'lmaydi," deydi sobiq elchi.

Munosabatlardagi sovuqlashish ko'p ko'rsatkichlarga ko'ra ro'y berdi. Qator dasturlar qisqardi. Qirg'iziston hukumati ham AQSh bilan aloqalarni rivojlantirishga qiziqmadi. Bironta yuqori lavozimli delegatsiya Amerikaga borgani yo'q, deydi Abdurisayev.

"AQSh ham faol bo'ldi deyolmayman. Rasmiy Vashingtonning Qirg'izistonga qiziqishi Afg'onistonda terrorga qarshi operatsiyalarga madad berayotgan "Manas" harbiy bazasi bilan cheklandi. Bishkekka borgan rasmiy delegatsiyalar diqqati ham shu mavzu atrofida bo'ldi," deydi sobiq diplomat.

Baktibek Abdurisayevning o'tgan oy "Vashington Post" gazetasida chop etilgan maqolasiga ko'ra, munosabatlarning rivojlanmaganida AQShning ham qisman aybi bor. Jorj Bush prezidentligi davrida inson huquqlari, demokratik islohotlarni kuchaytirish dasturlari qolib ketdi, deydi u.

Sobiq elchi Qirg'iziston hukumati siyosatining o'zgarishi tabiiy hol deydi. Tuzum o'zgardi, hokimiyat tepasiga yangi odamlar keldi. Qirg'izistonda hokimiyat mustaqillikdan 13 yil o'tib o'zgargani uchun siyosatdagi o'zgarishlar odamlarni ajablantirmoqda. Mamlakat Gruziya yoki Ukraina kabi yirik siyosiy o'zgarishlarga boshdanoq yuz tutmagan, shu sabab baza bo'yicha qilingan qaror ortida moliyaviy emas, mafkuraviy sabablar bor, deydi Qirg'izistonning AQShdagi sobiq elchisi Baktibek Abdurisayev.

"Hozirgi rahbarlar boshqa mafkura va yo'nalish tarafdorlari. Ular hech qachon G'arbga xayrixoh bo'lmagan. G'arbning mamlakatdagi inqilobga aloqasi yo'q," deydi u.

G'arbga moyil siyosatchilar zaif. Bakiyev Rossiya bilan munosabatlarni kuchaytirish tarafdori.

"Rossiyaning Qirg'izistonga ahamiyati juda muhim. Chunki Rossiya Markaziy Osiyoni Yevropaga bog'lovchi vosita. Mintaqaga yaqin joylashgan eng yirik davlat. U yerdagi siyosiy jarayonlarning Markaziy Osiyoga bevosita ta'siri bor. Agar Rossiyada diktatura o'rnatilsa, Markaziy Osiyo ham shu yo'ldan boradi. Bu borada Gruziya va Ukraina mintaqamizdan farq qiladi. Ular Yevropa bilan yonma-yon joylashgan," deydi Abdurisayev.

Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedevning kecha Madridda aytishicha, "Manas"ni amerikaliklardan tortib olish qaroriga Rossiyaning daxli yo'q. Ba'zilar fikricha, AQShga bazani tark etish uchun olti oy muhlat berilgan bo'lsa, ushbu vaqt mobaynida AQSh Qirg'iziston bilan muzokarani to'xtatmaydi. Sobiq elchi Abdurisayev vaziyat o'zgarishi mumkin degan ehtimoldan yiroq emas.