Prezident Barak Obamaning aytishicha, Qo’shma Shtatlar dunyoning harbiy jihatdan eng qudratli davlati degani nomini saqlab qoladi, biroq kuchlarini yangi sharoitga - g’ayrioddiy urushlarga tayyorlaydi.
AQSh, shuningdek, qurolli to’qnashuvlarni bartaraf etish maqsadida chet elga gumanitar yordam va maslahat beruvchi tizimni yaxshilamoqchi.
“AQShning harbiy qudratiga teng kela oladigan davlat yo’q”, - deydi prezident Obama, “va mamlakat bundan keyin ham ustunlikni saqlab qolishga bel bog’lagan”. Uning aytishicha AQSh o’z manfaatlarini himoya qilishga, dushmanni yengishga qaratilgan texnologik vositalarini yangilash uchun sarmoyani ayamaydi.
Biroq bugun Iroq va Afg’onistonda olib borilayotgan harbiy harakatlarni partizan urushi deb tasvirlash to’g’riroq bo’ladi. Dushman oddiy armiya emas, balki bosqinchi va terrorchilar. Yangi ma’muriyat Bush davrida bo’lgani kabi armiya va dengiz kuchlari safini kengaytirishda davom etmoqda.
“Bugun zamon va talablar boshqa”, - deydi AQSh rahbari. “Zobitlarni yangicha usulda tayyorlash, ularni o’zga xalqlar tili va madaniyati bilan yaqinroq tanishtirish, va ayniqsa AQShga ziyon yetkazmoqchi bo’lgan guruhlar taktikasi va maqsadlarini qunt bilan o’rganib chiqish zarur”.
Prezident nazarida AQSh kuchlari oldida bugun, ham jangarilarga qarshi kurash, ham urush zonalarida tinch aholi ko’ngliga yo’l topishdek murakkab vazifa turibdi. Avvalo qashshoqlik va qonunsizlik kabi urushni qo’zg’atuvchi omillarni yengish kerak.
“Dunyo yuzlashayotgan tahdid va muammolar AQSh yetakchiligisiz hal bo’lmaydi”, - deydi Barak Obama. Amerika harbiylari, deydi u, chet el armiyalari, xavfsizlik kuchlari bilan muntazam axborot almashish, aloqani mustahkamlash, birgalikda ishlash ahamiyatini yaxshi tushunadi.