Rossiya Chechenistondagi aksil-terror operatsiyasini yakunladi

Rossiya Chechenistonda 10 yildan oshiq davom etgan aksil-terror operatsiyalarini yakunlab, 20 ming qo’shinini bu yurtdan olib chiqish harakatida.

Rossiya davlat aksil-terror qo’mitasining bildirishicha Chechenistondagi harbiy operatsiyalar nihoyasiga yetgan. Prezident Dmitriy Medvedev shu haqda qaror chiqargan.

Endigi maqsad – respublikani qayta qurish va uning taraqqiy etishi uchun qulay sharoit yaratish.

Rossiya 1999 yilda Chechenistonga qo’shin kiritib, bo’lginchi guruhlarga qarshi maxsus operatsiyalar boshlagan edi.

O’shandan beri bu o’lkada komendant soati, hibsga olishlar, havo qatnovini cheklash va muntazam to’siqlar kundalik holga aylangan. Jurnalistlar Chechenistonga kirish uchun alohida ruxsat olishi kerak. Ular faqat rasmiylar kuzatuvida hududni kezishi mumkin.

Checheniston prezidenti Ramzan Qodirov nazarida harbiy tartib tugab, xalq erkin nafas olmoqda, iqtisodiy taraqqiyot uchun sharoit yuzaga kelgan.

“Chechen xalqi bu kunni uzoq kutdi. Ular tinchlik, barqarorlik va farovon hayotga katta mashaqqatlar bilan erishmoqda”,- deydi Qodirov.

Rossiyaning 20 ming askari mintaqani tark etishi kutilmoqda. Biroq Duma raisi spikeri Boris Grizlovning aytishicha ayrim harbiylar Chechenistonda qoladi.

“Bu tinchlik uchun muhim. Ichki ishlar vazirligi xodimlari xizmatni davom ettirishi uchun alohida joy ajratilgan”,- deydi Grizlov.

Checheniston hamon notinch bir o’lka. Prezident Qodirov va uning boshchiligidagi hukumat inson huquqlarini poymol etayotganlikda tandiq qilinmoqda. Hafta boshidagi otishmada bir ofitser halok bo’lib, ikki nafari jarohat olgan. So’nggi bir necha oy davomida Qodirovga muxolif besh kishi o’ldirilgan.