Koinotni kuzatib kelayotgan "Xabbl" teleskopi remontda

Yaqinda Florida shtatidagi Kennedi fazo markazidan “Atlantis” raketasi parvoz qildi. Bu fazo kemasida yetti kosmonavt bo’lib, ularga “Xabbl” teleskopini ta’mirlash hamda yangi uskunalar o’rnatish vazifasi yuklangan…

“Atlantis” samoga ko’tarilar ekan, barcha mutaxassislar yuragini hovuchlab turdi. Tabiiy, chunki har bir parvoz nozik, tarixiy voqea.

Fazo kemasi ko’tarilishini ko’rishga butun mamlakatdan kelishadi. Amerikaliklar uchun faxr.

Yetti fazogir raketadan besh bor chiqib, “Xabbl” teleskopiga yangi kameralar o’rnatadi, zarur joylarini ta’mirdan o’tkazadi.

Tabiiy o’zgarishlarni kuzatib, yerga ma’lumot uzatib turuvchi bu vosita ustida ishlagan Kit Valyus jarayondan ko’zini uzmayapti.

U va boshqa olimlar “Xabbli”ni yerdan turib boshqaradi.

“Biz teleskopning to’rt joyini tuzatib, ayrim qismlarini yangilayapmiz. Batereyadan tortib, giros, sensor, teleskopning ustki qismlari. Bir paytning o’zida bir necha ishni amalga oshirayapmiz. Ehtiyot bo’lish kerak,” – deydi Kit Valyus.

Teleskop 1990 yilda “Diskaveri” fazo kemasida olib chiqilgan va ishga solingan. U shundan beri atmosferadagi o’zgarishlar haqida muntazam axborot manbai. ["Xabbl" teleskopi olgan suratlar]

Jahon bo’ylab to’rt mingga yaqin fazoshunos bu teleskop orqali noyob ma’lumotlar yiqqan.

Olimlarning aytishicha “Xabbl” borliq, koinot, sayyoralar va ular bilan bog’liq yangiliklar aks etgan tasvirlarni ulashib kelmoqda.

Mario Livio bu teleskop faoliyati bilan yaqindan tanish mutaxassis, astrofizik.

““Xabbl” nafaqat ilmiy vosita, balki bizning madaniyatimizning bir qismi, desam bo’ladi. U bergan ma’lumotlar jamiyatning turli jabhalarida qo’l kelmoqda. Ko’pchilik bu teleskop haqida biladi,” – deydi olim.

Hozirgacha “Xabbl” to’rt bor ta’mirlandi. Juda qimmat missiyalar. NASA, AQSh fazo agentligi, bu oxirgi remont, demoqda. Teleskop uzog’i bilan yana besh yil ishlaydi, deydi olimlar.

Mario Livio, “Xabbl”- umumbashariyat uchun noyob apparat, deydi.

““Hozirgi ta’mir yaxshi kechib, teleskopimiz to’laqonli ishlashda davom etsa, insoniyat uchun buyuk xizmatlar qilaveradi. Yaqinlashayotgan tabiiy ofatlar yoki yer atrofidagi o’zgarishlar haqida hozir shu vosita orqali bilayapmiz,” – deydi Livio.

“Xabbl” yuqori orbitaga turgani uchun “Atlantis”ga samoda biror jism tegib ketish ehtimoli baland. Shu bois NASA, qutqaruv ishlari uchun, yana bir fazo kemasini shaylab qo’ygan. Samodagi teleskopi bilan faxrlanadigan amerikaliklar esa kosmonavtlarga omad tilamoqda.