Markaziy Osiyoda o’z siyosiy-iqtisodiy nufuzini oshirishga harakat qilayotgan Xitoy Shanxay Hamkorlik Tashkilotidagi sheriklari uchun 10 milliard dollar yordam puli ajratmoqda.
Xitoy prezidenti Xu Tsintaoning aytishicha bu mablag’ O’zbekiston, Qozog’iston, Qirg’iziston va Tojikistonda moliyaviy inqiroz oqibatlariga qarshi kurash yo’lida sarflanadi.
“Energetika, transport va telekommunikatsiya sohalariga sarmoya kiritamiz”, - deydi Tsintao.
O’tgan fevral oyida Rossiya ham Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston va Belarusga ko’mak tariqasida 7, 5 milliard dollarlik jamg’armaga asos solgan edi.
Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Yekaterinburgda bugun yakunlanayotgan sammitida Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev jahon moliya tizimini yangilash kerak deb chiqqan. Kreml nazarida dunyo yangi valyuta zaxiralariga muhtoj. Shanxay-6 a’zolari terrorizmga qarshi choralarni mustahkamlash va xalqaro informatsiya sistemalari xavfsizligini ta’minlashga kelishib olgan.
Sammitda mehmon bo’lgan Eron prezidenti Mahmud Ahmadinajod Amerikani Afg’oniston va Yaqin Sharqda notinchliklarga turtki berayotganlikda tanqid qilgan.
Ahmadinajod o’z mamlakatida saylov ketidan boshlangan namoyish va zo’ravonliklar haqida gapirmagan.
Medvedev Ahmadinajod bilan alohida gaplashmagani shov-shuv uyg’otgan. Kreml prezidentning har bir mehmon bilan muloqot qilishga vaqti yetmaydi deya bayon qilgan.
Anjumanda afg’on rahbari Hamid Karzay ham ishtirok etib, qo’shni davlatlardan yordam so’ragan.
O'zbekiston prezidenti Islom Karimov fikricha Afg`oniston muammosini harbiy yo'l bilan bartaraf etib bo`lmaydi.
Uning ta’kidlashicha, barqarorlik nafaqat iqtisodiy tiklanish, shuningdek ko`p millatli Afg`oniston xalqini etnik madaniy huquqlariga ahamiyat berilishiga ham bog`liq.
Qirg'iziston prezidenti Qurmanbek Bakiyev nazarida esa bugungi kunda mintaqa duch kelayotgan asosiy xavf diniy ekstremizmdir.
Bakiyev Afg`oniston masalasini hal etishda barcha manfaatdor tomonlarni BMT shafeligida faoliyat yuritishga undab, “Bishkek muzokaralar maydoni bo`lishga tayyor” demoqda.
Rossiya prezidenti Afg`onistonga har jihatdan yordam ko’rsatishga shay ekanini aytmoqda.
“Tranzit masalasidami, iqtisodiy hamkorlikmi, har sohada ko’maklashamiz”,- deydi Medvedev.