Xitoy davlat axborot agentligiga ko'ra, Shinjonda ikki uyg'ur politsiya tomonidan otib o'ldirgan, biri yaralangan. Ular qo'lida pichoq va to'qmoqlar bilan politsiyachilarga hujum qilgan, deyiladi xabarlarda.
Dam olish kunlari Shinjonda tinch o'tgan. Viloyat poytaxti Urumchida do'konlar qayta ochilgan, jamoat transporti ishi tiklangan. Askarlar shaharni hamon nazorat qilmoqda.
Mintaqaga Pekindan Kommunistik partiya rasmiylari borib, vaziyatni o'rgangan. "Shinxua" agentligiga ko'ra, hukumat 5 iyulda bo'lgan namoyishlar paytida halok bo'lgan begunoh odamlar oilalariga 30 ming dollardan berishini aytgan.
"Vashington Post" gazetasida chiqqan maqolaga ko'ra, jahonda uyg'urlar taqdiri, kurashi va madaniyati haqida axborot kam. Xitoy siyosatidan noliydigan tibetliklar haqida hamma biladiyu, ammo uyg'urlarga e'tibor kam. Dalay Lama kabi ularni Parij yoki Golivudda yaxshi tanishmaydi, deb yozadi gazeta.
"Nyu-York Tayms" gazetasi muxbiri esa Urumchiga borib, uyg'urlar bilan suhbatda bo'lgan. Ularning jurnalistga aytishicha, xitoylar uyg'urlarni o'zligidan, an'analaridan, kiyimi va tilidan ayirmoqchi. "Ular bizni xitoylarga aylantirmoqchi" deydi bir uyg'ur gazetaga. Rasmiy Pekin esa o'zgacha fikrda. Uyg'urlarga ko'p imtiyozlar berilgan, farzand ko'rishda, oliy o'quv yurtlariga kirishda, deydi Xitoy rasmiylari.
Ammo, deydi uyg'urlar, ish topish imkoniyati bo'lmasa, firmalar asosan xitoylarni ishga olsa, o'qishdan nima foyda?
Kecha Turkiya va Yaponiyada Xitoyning uyg'urlarga nisbatan siyosatiga qarshi ko'p sonli namoyish bo'lgan. Eronda esa ulamo rasmiy Pekinni tanqid qilgan.