Amerikada ham oshpazlik idish-tovoq yuvishdan boshlanadi

AQShda iqtisodiy krizis tufayli har hafta minglab odamlar ishidan ayrilmoqda. Kasbini o’zgartirayotganlar ko’p.

Moliyaviy tanazzulga chidamli deya tilga olinayotgan hunarlardan biri – pazandalik. Xo’sh, Amerikada oshpaz bo’lish uchun nima qilish kerak?

AQShning Vashington San’at Instituti (The Art Institue of Washington) pazandalik fakultetidamiz. Juma kuni bo’lgani uchun shekilli studentlar unaqangi ko’p emas.

"Darslar deyarli tugab bo’lgan. Hozir imtihon payti", - deydi institut xodimasi Tiffani Yang.

Ba’zi talabalar yerda cho’kkalab o’tirib, kitob varaqlayapti. Narigi burchakda ikkitasi berilib, bir nima ustida bahs qilayapti. Chamasi 18-20 yoshlardagi bu qiz-yigitlarning hammasi formada - boshida oq qalpoq, egnida oq kamzul, katak shim.

Xezer va Tayler birinchi kursni bitirmoqda. Tayler 15 yoshidan beri oshxonada ishlab keladi. Xezerning bu sohada tajribasi yo’q, lekin oilaviy davrada dasturxonni tuzaydigan u.

Institut binoning yettita qavatini band etgan. Biz turgan, pazandalik darslari o’tadigan qavatda beshta auditoriya bor. Bu xonalarni auditoriya deb atash ham g’alati – liftdan chiqqanigniz zahoti restoran-oshxonaga duch kelasiz.

“Biz bu xonani laboratoriya deb ataymiz. Studentlar kelajakda restoranda ishlashi kerak bo’ladi. Hozirdanoq o’sha muhitga o’rgansin-da”, - deydi Tiffani Yang.

Eshiklarni bir-bir qoqib, ichkariga kirib, professor domlalar bilan tanishamiz. Andreas Flekenshtayn asli Shveytsariyadan. Studentlar topshiriqlarni bajarib bo’lgan, bugun faqat shokolad haqida hujjatli film tomosha qilib, tort pishiramiz, deydi oshpaz-domla. U darsiga kirib o’tirishimizga qarshi emas.

Sinfxona kattagina, uch-to’rtta parta, bir yonda muzlatgich, sal narida gaz plitasi, umivalnik, alohida javonlarda esa un, ziravor, idish-tovoq deganday.

Ovqat qilayotib, katta-keng oynalardan Vashingtonni ko’rib turish mumkin. Xonaning orqarog’iga o’tib, darsni kuzatamiz. Domla-talaba munosabatlari erkin, har zamonda kimdir hazil-luqma tashlaydi. Ora-sira echik ochilib, qo’shni auditoriyadan talaba kirib qoladi – ozgina un berib turing, deb.

"Pazandalik fakulteti institutning eng mashhur va ommabop bo’limlaridan",- deydi Tiffani Yang.

O’tgan haftaning o’zida 20 odam hujjat topshirgan. Ular pazandalik, oziq-ovqat sohasida boshqaruv, vino va umuman ichimlik bo’yicha bakalavr diplomini oladi. Fakultetda o’qiyotgan studentlar kelajakdan ko’ngli to’q. Oshpazlik iqtisodiy krizisga eng chidamli kasblardan , deydi ular.

“Odamlar juda band, ovqat qilishga vaqti yo’q. Lekin hammaning mazali ovqat yegisi keladi”, - deydi talabalar. Har bir student kelajakda o’z restoranini ochgisi bor.

Amerika Oshpazlari Federatsiyasi (The American Culinary Federation) vitse-prezidenti Bill Tillingxast fikricha oshpaz bo’laman degan odam oldin bir oz oshxonada ishlab ko’rgani ma’qul.

“Hammamiz idish-tovoq yuvishdan boshlaganmiz. Odam bir yil ishlab ko’rib, undan keyin esa albatta o’qishga kirishi kerak. Chunki dars paytida siz pazandalik asoslarini o’rganasiz. Vaholanki, oshxona yoki restoranda menyuda bor taomlardan nariga o’tmaysiz”,- deydi talabalardan biri.

Janob Tillingxast nazarida Amerikada ishlamoqchi bo’lgan muhojir ingliz tilini bilishi kerak albatta, ammo eng muhimi pishir-kuydirga ustalik.

“Yoshligimda daniyalik va tayvanlik oshpaz bilan ishlaganman. Inglizchada zo’rg’a gapirsa-da, ikkisi ham ajoyib pazanda edi. Oshpazlikni astoydil yaxshi ko’rgani uchun ular bir-birini juda yaxshi tushunar, kelishib ishlar edi”.

"Ishni katta shaharlardan – Nyu-York, Filadelfiya, San-Fransisko, Los-Anjeles kabi joylardan boshlang",- deydi u.

“Katta shaharlarda ish ko’rpoq. Oshxonalar son-sanoqsiz. Umuman tajribasi yo’q odamni chig’iriqdan o’tkazib, yaxshilab tayyorlaydi bu joylar.”

"Yillar o’tgani sari Amerikada odamlar uyida kamdan-kam ovqat qilayotganiga guvohman",- deydi Bill Tillingxast.

Oilada hamma ishlaydi. Bu esa aholi restoran, kafe, ko’cha-ko’yda ko’proq tanovul qiladi, oshpazlarga talab ortadi demakdir.