Milliy birdamlik Afg'onistonda nozik masala bo'lib qolmoqda

Prezident saylovlari o’tgan Afg’onistonda milliy birdamlik masalasi muhokamada. Pushtu va tojik vakillar rahbarlik uchun kurashar ekan, o’zbeklar sardori general Abdul Rashid Do’stum siyosiy sahnaga qaytgan.

Turkiy elatlar Afg’onistonda milliy birlikni tiklash kerak, til va madaniyatni saqlab qolish uchun harakat qilish kerak deb chiqmoqda.

O'zbeklar yetakchisi general Abdul Rashid Do’stum mamlakat tinchligi va barqarorligi yo'lida Amerika bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini aytmoqda.

General xorijiy muxbirlar bilan suhbatda, Dashti Layli qamoqxonasidagi toliblarni qirganligi borasidagi ayblovlar asossiz ekanligini aytib, mustaqil tergov olib borilsin va haqiqatda nima bo'lgani aniqlansin deya qayd etgan.

Afg’onistondagi turkiy elatlar federatsiyasi rahbari, hozirda Gollandiyada ilmiy ish olib borayotgan huquqshunos olim Himmat Faryobiy fikricha Do'stumga qo'yilayotgan ayblovlar - quruq safsata.

“Afg’onistonda 30 yil davomida urush bo’lgan bo’lsa, qanchadan-qancha jinoyatlar sodir etilgan. Shunday ekan, agar tergov qilib adolatni tiklashmoqchi bo’lishsa, unda hamma birdek javob berishi kerak. Ochiq sudlar tashkil etilsin. Shimolda o’zbeklar toliblarni qirdi degan gap ortida siyosiy nayrang isi kelmoqda. Afg’onistondagi shovinist qatlamlar buni ko’tarib chiqib, Amerika ma’muriyatiga noto’g’ri ma’lumotlar yetkazmoqda. Bu bilan ular, shimoldagi turkiy millatlarni zaiflashtirib, bosim ostida saqlamoqchi”, - deydi Faryobiy.

Afg’onistonlik o’zbek orasida tanilgan shoira Farishta Begim fikricha ham mamlakat hayotida Do'stumning xizmati katta.

“Amerika o’z manfaatlaridan kelib chiqib, o’z tarafdorlari bo’lgan odamlarni quvvatlab keladi. Shunday ekan, amerikaliklarning o’zi Karzayga agar qo’lingdan kelsa Do’stumni keltirib, shimoldagi o’zbeklar quvvatlovini olgin deya maslahat bergan. Do’stumning Afg’onistonga qaytishi ortida katta o’yin ketayotganligini ko’rish mumkin”, - deydi Farishta Begim.

Pushtular Afg’oniston siyosatini qariyb 200 yildan buyon tebratib keladi. Shimolda yashovchi turkiy elatlar uchun o’z tili, madaniyati va urf-odatlarini asrab qolish bugunning asosiy vazifasiga aylangan.

Himmat Faryobiy nazarida hozirgi sharoitda etnik huquqlar ta'minlanishi juda mushkul.

“Bugun bir, ertaga ikkinchi rahbar kelib ketishi bilan, Afg’onistondagi muammolarni yechib bo’lmaydi. Bu chigalliklar tarixiy ildizga ega. Qaysi elatga parlamentdan yoki hukumatdan qancha joy berish bilan muammoni hal qilib bo’lmaydi”, - deydi Faryobiy.

Farishta Begim saylovda g’olib chiqqan nomzod milliy nifoqni yo’q qilishga harakat qiladi degan umidda.

“Afg’onistonda turli tillarda so’zlashadigan elatlar bir-birini tushunmaydi. Yangi saylangan rahbar ana shu mayda elatlar orasida totuvlik va yakdillikni ta’minlay olishi kerak”, - deydi shoira.

Abdul Rashid Do’stum “Imkoniyat berilsa, ikki-uch yil ichida mamlakat bo’ylab xavfsizlikni ta’minlaymiz. Afg’oniston sharoitini biz o'zimiz yaxshi tushunamiz va qon to’kilishini to'xtatishga qodirmiz”, - deydi. Qo'shma Shtatlar uning bu chaqiriqlariga javob bermagan.