Oq uyda Afg'onistondagi vaziyat muhokamada

Prezident Barak Obama Oq uyga xavfsizlik bobidagi maslahatchilarini to'plab, Afg'onistondagi vaziyatni muhokama qildi. Harbiy qo'mondonlar, diplomatlar, razvedka xizmati vakillari qo'shimcha askar jo'natish ehtimolini o'rgandi.

Davlat xavfsizligi bilan shug'ullanuvchi 18 mutaxassisdan iborat guruh va prezident Obama uch soat davomida Afg'oniston strategiyasi bo'yicha fikr almashgan. Majlis tafsilotlari ma'lum emas.

Oq uy matbuot kotibi Robert Gibbsning aytishicha, strategiyani puxtalashtirish lozim, zarur taktikani ishga solib, belgilangan vazifalarni bajarish kerak.

AQSh va NATOning Afg'onistondagi kuchlari qo'mondoni general Stenli Makkristal g'alaba uchun ko'proq askar zarur degan. Tolibonni mag'lub etish uchun oddiy bo'linmalardan ko'ra maxsus qo'shinlarni yuborish ehtimoli ham o'rganilmoqda. Pokistonda qo'nim topgan al Qoida jangarilariga qarshi so'nggi paytda pilotsiz samolyotlar ishlatilmoqda.

General Makkristal oz sonli qo'shinlar bilan mag'lubiyatga uchrashimiz mumkin, mazmunidagi hisobot tayyorlagan.

Pentagon matbuot kotibi Jeff Morrellning aytishicha, ba'zilar Iroqda qo'l kelgan strategiyani Afg'onistonda ham ishlatishni taklif qilmoqda. Bu esa, general Makkristal tavsiya qilganidek, qo'shinlarni ko'paytirishni talab qiladi.

Pentagon vakiliga ko'ra, Mudofaa vaziri Robert Geyts Iroq tajribasidan foydalanish taklifini qo'llab-quvvatlasada, uni sinchkovlik bilan o'rganib chiqmoqchi.

Mart oyida prezident Obama Afg'onistonga qo'shimcha 21 ming askar yuborishga buyurgan. NATO harbiylarini hisoblaganda, koalitsiya mamlakatda jami 100 ming kishilik armiyaga ega.

General Makkristal esa yana 30-40 ming zobit safarbar etilishini so'ramoqda.