O'zbekistonda jamoatchilik Xitoyga qanday qaraydi?

O'zbekiston Xitoy bilan harbiy hamkorlikni kuchaytirmoqchi. Mudofaa vaziri Qobil Berdiyev yaqinda Pekinga bo’lib bu borada muzokaralar olib borgan edi.

Jamoatchilik orasida Xitoyning tobora kengayib borayotgan iqtisodiy-siyosiy ta’siriga munosabatlar turlicha. Hukumatdan norozi tomonlar Xitoyni ham bosimda ayblaydi.

Xitoy Markaziy harbiy kengashi raisi o’rinbosari Go Bosyun O’zbekiston bilan aloqalarni yuksak baholagan, ayniqsa, xalqaro maydondagi hamkorlikni.

"Sinxua" agentligi xabariga ko`ra, 23 oktyabr kuni Pekinda O`zbekiston mudofaa vaziri Qobil Berdiyev bilan muzokaralar o`tkazgan Go Bosyun Tayvan, Tibet va Sinjon bo`yicha rasmiy Toshkent tutgan, Xiyoyni qo’llash pozitsiyasi yuksak qadrlanishini bildirgan.

Rasmiy Toshkent Tayvanda, Tibetda kuzatilgan voqealar yuzasidan bayonot bergan, biroq Shinjon-Uyg`ur avtonomiyasi, shuningdek, uyg`urlar namoyishining yaqinda shafqatsiz bostirilishi yuzasidan hukumat ochiq munosabat bildirmagan.

Sharhlovchilar deydiki, rasmiy Toshkent uyg’urlar masalasida biror narsa demasa-da, muzokaralarda Xitoy siyosatini qo`llashi aniq.

“O’zbekiston mojaroviy holatlar yuzasidan biror munosabat bildirishni lozim topmaydi. O’zbekistonni o`zida ham shunga o’xshash biror vaziyat bo`lsa, boshqa davlatlar aralashishini istamaydi. O’zini kuchiga ishonib bartaraf etadi. Andijon voqealari bunga yaxshi misol. Xitoy bu borada biror munosabat, fikr bildirmadi, hatto g’arbiy davlatlar tanqid qilib turgan bir paytda O`zbekiston qo`llagan choralarni yoqladi”, - deydi siyosatshunos Farhod Tolipov.

Mahalliy faollar ayni paytda Xitoyda qamoq jazosini o`tayotgan uyg’ur faoli Husayn Jalilning O`zbekistonda ushlanib, Xitoy hukumatiga topshirilishini rasmiy Toshkentning uyg’urlar bo’yicha pozitsiyasi sifatida ko`rishadi. O’tgan asrdan boshlab Xitoy mustamlakasiga kirgan Sharqiy Turkiston uyg`urlari hozirgacha mustaqillik uchun kurashib keladi.

Turkiy xalqlarning yirik qavmi bo`lgan uyg’urlar Markaziy Osiyo aholisining ham ancha qismini tashkil etadi. O`zbekistonda ular bir necha yuz ming atrofida ekani qayd etiladi. Xitoyda milliy ozodlik uchun kurashayotgan uyg’urlar masalasi O’zbekiston jamoatchiligi va matbuotida taqiqlangan mavzulardan biri.

“Yigirmanchi asrgacha turkiy qavmlar ichida o`zbeklar va uyg`urlarga alohida millat deb qaralishi o`zi noto`g`ri edi. Turkiy xalqlarning hammasi ham, jumladan, o`zbeklarni bu borada biror talab qo’yishga huquqi yo`q, chunki o`zinikini to`liq talab qilib olganicha yo`q. Boshimizdan o`tgan - Xitoy bularni turli narsalarda ayblashi mumkin, lekin hammasining zamirida erksevarlik yotadi”, - deydi sharhlovchi Baxtiyor Isabek.

O`zbek muxolifati Urumchi g`alayonlarining kuch bilan bostrilishini e’tiroz bilan qarshi olgan edi.

“Sharqiy Turkistonga nisbatan bosim juda kuchaygan. Bu anchadan buyon bor, ularning mustaqillik uchun kurashi ham anchadan buyon davom etayapti. Bu kurashni bostirish uchun Xitoy tobora ko`proq kuch ishlatayapti. Biz uyg’urlarni milliy ozodlik harakatini qo`llaymiz. Xitoydagi voqealarni hukumatning haddan ortiq kuch ishlatishi natijasida sodir bo`lgan qirg`inlar deb bilamiz”, - deydi muxolifatdagi “Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov.

O`zbekiston Uyg`ur madaniy markazi faollari Xitoyda kechgan voqealar yuzasidan munosabat bildira olmaydi. Xitoy hukumati Urumchida g’alayonlar bo`yicha sud ishini boshlagan, hozirgacha g`alayon ishtirokchilarining bir nechtasi o`lim jazosiga hukm qilindi. Xalqaro tashkilotlar jahon hamjamiyatini uyg`urlar masalasiga e’tibor ko`rsatishga chaqirib keladi.

AQShda joylashgan Jahon uyg`urlar kongressi bayonicha, Urumchi namoyishida ishtirok etgan minglab uyg`urlar taqdiri hozirgacha noma`lum qolmoqda.