Pokistonda razvedka qarorgohi portlatilgan

Pokiston shimoli-g’arbidagi Peshovar shahrida razvedka idorasi yonida avtomobil portlagan. 16 kishi o’lgani ma’lum.

Xuruj bugun tongda sodir etilgan. Pokiston Razvedka xizmati qarorgohi nishonga olingan. Idora Afg’oniston bilan chegarada jangarilarga qarshi operatsiyaga bosh-qosh.

Xuruj natijasida bino qisman vayron bo’lgan. Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda. Xavfsizlik nuqtai-nazaridan, deydi rasmiylar, hududga matbuot xodimlari kirishi taqiqlangan.

Oradan ko’p o’tmay qo’shni Bannu tumanida politsiya mahkamasi portlagan. O’nlab odam jarohat olgan. Tuman toliblar faol Shimoliy Vaziristonga kirish nuqtasi sanaladi.

Mamlakat janubi-g’arbida esa jangarilar Afg’onistondagi AQSh va NATO armiyasiga yolnilg’I olib ketayotgan tankerlarga hujum qilgan. Besh mashinaga o’t qo’yib, bir haydovchini o’ldirgan.

Mintaqada so’nggi ikki hafta davomida Tolibon hujumlaridan 80 kishi halok bo’lgan. Rasmiylar fikricha armiya Janubiy Vaziristonda jangarilarni siquvga olgani uchun toliblar shu tariqa javob qaytarmoqda.

AQSh davlat xavfsizlik maslahatchisi Jeyms Jouns bugun Pokiston Bosh vaziri Yusuf Rizo G’iloniy va armiya qo’mondoni Ashfaq Kiyani bilan Islomobodda muzokara qilmoqda.