Pokiston AQShdan unga bosim o'tkazmaslikni so'ramoqda

Pokiston Qo'shma Shtatlarni unga bosim o'tkazayotganlikda ayblamoqda. Xabarlarga ko'ra, prezident Obama pokistonlik hamkasbiga maktub yo'llab, ekstremistlarga qarshi dadilroq harakat qilishga chaqirgan. Pokiston Tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiyning aytishicha, Pokiston vaziyat va sharoitdan kelib chiqqan holda jangarilarga qarshi qanday kurashishni o'zi belgilaydi.

"Xalqaro hamjamiyat Pokistonning islomiy ekstremistlarga qarshi kurashda jonini jabborga berayotganini tan oladi. Harakatlarimizni kuchaytirish yoki susaytirishni o'zimiz hal qilamiz. Chetdan ko'rsatma asosida ish tutmaymiz," deydi Qurayshiy.

"Nyu-York Tayms" gazetasidagi maqolaga ko'ra, Barak Obama Pokiston prezidentiga yo'llagan xatida barcha kuch-g'ayratni jangarilarga qarshi kurashga qaratishni tavsiya qilgan.

Bu o'rtada mamlakatda xurujlar tingani yo'q. Bugun Kvetta shahrida bomba portlashidan bir kishi o'lgan, olti nafari yaralangan. Kecha esa Peshovar yaqinida suiqasd xurujidan 6 kishi o'lgan, 25 dan ziyodi yaralangan edi.

Britaniya kelasi yozda sammit uyushtirib, qo'shni Afg'oniston xavfsizligini ta'minlash vazifasini afg'on kuchlariga topshirish muhlatini muhokama qilmoqchi.

Britaniya Bosh vaziri Gordon Braunning aytishicha, sammitda siyosiy reja ishlab chiqilishi lozim.

"Afg'onistonda siyosiy islohotlarni jadallashtirish kerak. Avval Kobulda, so'ng viloyatlarda," deydi Braun.

Uning aytishicha, Afg'onistonda xavfsizlik holatini hududma hudud o'rganib, mas'uliyatni afg'on kuchlariga yuklay boshlash kerak.

"Buning uchun Afg'oniston armiyasi va politsiyasi tayyorgarligini kuchaytirish lozim. Afg'onlar o'zini-o'zi himoya qilishni o'rgansagina, qo'shinlarimizni vatanga qaytarishimiz mumkin," deydi Britaniya Bosh vaziri Gordon Braun.